1. Bosh sahifa
  2.  / 
  3. O'zbekiston

O‘zbekiston Bojxona institutiga Jahon bojxona tashkilotining Mintaqaviy o‘quv markazi maqomi berilishi mumkin

Bojxona qo‘mitasi raisi Abu-Dabida o‘tayotgan Texnologik konferensiya doirasida Jahon bojxona tashkiloti Bosh kotibi bilan uchrashib, kadrlar tayyorlash va texnologik hamkorlik istiqbollarini muhokama qildi.

O‘zbekiston Bojxona institutiga Jahon bojxona tashkilotining Mintaqaviy o‘quv markazi maqomi berilishi mumkin

 

Ayni kunlarda Birlashgan Arab Amirliklarining Abu-Dabi shahrida Jahon bojxona tashkilotining Texnologik konferensiyasi bo‘lib o‘tmoqda. Mazkur nufuzli xalqaro tadbirda Bojxona qo‘mitasi raisi A.Mavlonov boshchiligidagi O‘zbekiston delegatsiyasi ham faol ishtirok etmoqda.

 

Konferensiya doirasida bojxona organlarining texnologik rivojlanishini jadallashtirish, raqamli va innovatsion yechimlarni joriy etish, shuningdek, ilg‘or xalqaro tajribalarni milliy amaliyotga tatbiq etish masalalariga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Tadbir doirasida maxsus ko‘rgazma ham tashkil etilgan.

 

Konferensiyaning birinchi ish kunidayoq Bojxona qo‘mitasi raisi A.Mavlonov va Jahon bojxona tashkiloti Bosh kotibi Yan Sonders o‘rtasida ikki tomonlama uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Tomonlar avvalo 26-yanvar — Xalqaro bojxonachilar kuni munosabati bilan bir-birlarini tabrikladilar. Bosh kotib O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan bojxona sohasi xodimlariga yo‘llangan tabrikda Jahon bojxona tashkiloti bilan hamkorlikka alohida urg‘u berilganini yuqori baholadi.

 

Uchrashuv davomida O‘zbekiston va Jahon bojxona tashkiloti o‘rtasidagi hamkorlikni yana-da rivojlantirish, bojxona xodimlarining kasbiy salohiyatini oshirish, qo‘shma o‘quv tadbirlarini tashkil etish hamda hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlari muhokama qilindi.

 

A.Mavlonov Jahon bojxona tashkilotining Kinologiya bo‘yicha 7-global forumi joriy yilda O‘zbekistonda o‘tkazilishi to‘g‘risidagi qaror uchun minnatdorlik bildirib, ushbu qaror Bojxona qo‘mitasi Milliy kinologiya markazi faoliyatiga bildirilgan xalqaro eʼtirof ekanini taʼkidladi.

 

Shuningdek, Bojxona institutiga Jahon bojxona tashkilotining Mintaqaviy o‘quv markazi maqomini berish masalasi ham ko‘rib chiqildi.

 

Uchrashuv yakunida Jahon bojxona tashkiloti bilan hamkorlikni rivojlantirishga qo‘shgan hissasi uchun Bosh kotib Yan Sonders Bojxona qo‘mitasi tomonidan taʼsis etilgan “Xalqaro hamkorlik uchun” ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi.

 

Bojxona qo‘mitasi delegatsiyasining BAAga tashrifi davom etmoqda.

Kategoriyalar

Bog'lanish uchun

+998 (71) 207-21-28

Elektron manzil

info@zamon.uz

Shahodatnoma

№1346 Berilgan sana: 28.05.2020

Asoschisi

ООО Master Media Production and Broadcast

Tahririyat manzili

Toshkent sh., Amir Temur shoh ko'chasi, 53 uy

Яндекс.Метрика