O‘zbekiston Braziliyaning Embraer kompaniyasidan C-390 Millennium rusumidagi harbiy-transport samolyotlarini xarid qiladi. Bu haqda 3-fevral kuni Singapurda o‘tkazilgan aviashouda rasman e’lon qilindi. Avvalroq nomi oshkor etilmagan buyurtmachi sifatida tilga olingan mamlakat O‘zbekiston ekani tasdiqlandi.
Ma’lum qilinishicha, O‘zbekiston ushbu havo kemalaridan yuk va shaxsiy tarkibni tashish, tibbiy evakuatsiya, desant amaliyotlari hamda gumanitar va favqulodda vaziyatlar, jumladan, o‘rmon yong‘inlarini o‘chirishda foydalanadi. Xarid eskirib borayotgan Il-76 samolyotlari parkini bosqichma-bosqich yangilash imkonini beradi.
Embraer prezidenti Bosko da Kosta Juniorning ta’kidlashicha, O‘zbekiston Markaziy Osiyoda C-390 Millennium’ni tanlagan ilk operator bo‘lib, bu ikki tomonlama hamkorlikni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.


