Iqtisodiyot va tinchlik instituti tomonidan mamlakatlar xavfsizligi va barqarorligini baholovchi Global Peace Index 2025 eʼlon qilindi. Reytingga kiritilgan 163 ta davlat orasida O‘zbekiston 67-o‘rinni egalladi.
Tadqiqot mualliflarining qayd etishicha, dunyoda umumiy tinchlik darajasi pasayishda davom etmoqda. Joriy yilda global o‘rtacha tinchlik indeksi 0,36 foizga qisqargan bo‘lib, bu ketma-ket oltinchi yil pasayish holati hisoblanadi. Yirik mojarolarni keltirib chiqaruvchi omillar hozirgi kunda eng yuqori darajada ekanligi taʼkidlangan.
Shu bilan birga, O‘zbekiston o‘z pozitsiyasini yaxshilab, reytingda ikki pog‘ona yuqoriga ko‘tarildi. Natijada mamlakat Moldova va Kipr o‘rtasida joylashdi.
Markaziy Osiyo davlatlari orasida natijalar quyidagicha:
- Qozog‘iston — 56-o‘rin;
- Qirg‘iziston — 78-o‘rin;
- Tojikiston — 79-o‘rin;
- Turkmaniston — 87-o‘rin.
Dunyoning eng tinch 10 ta davlati qatoriga Islandiya, Irlandiya, Yangi Zelandiya, Avstriya, Shveytsariya, Singapur, Portugaliya, Daniya, Sloveniya va Finlyandiya kiritildi.
Reytingda Rossiya eng quyi pog‘onani egalladi. Shuningdek, eng tinch bo‘lmagan davlatlar ro‘yxatidan Ukraina, Sudan, Kongo Demokratik Respublikasi, Yaman, Afg‘oniston, Suriya, Janubiy Sudan, Isroil va Mali joy oldi.
Global Peace Index 23 ta ko‘rsatkich asosida shakllantiriladi. Ular uch asosiy yo‘nalishga bo‘linadi: jamoat xavfsizligi va himoya darajasi, ichki va xalqaro mojarolar holati hamda militarizatsiya darajasi.


