2026-yil 8-fevral kuni Fransiyaning Parij shahrida bo‘lib o‘tgan nufuzli IJF Judo Awards taqdirlash marosimida O‘zbekiston dzyudo tizimi xalqaro darajada yuksak baholandi. Taqdirlash marosimida O‘zbekiston Dzyudo Federatsiyasi tomonidan amalga oshirilayotgan bolalar sportini rivojlantirishga qaratilgan loyiha “Judo for Children Project of the Year” — “Yilning eng yaxshi bolalar loyihasi” nominatsiyasida g‘olib deb topildi.
Mukofotni dzyudo bo‘yicha Olimpiya chempioni Diyora Keldiyorova qabul qilib oldi. Tadbirda O‘zbekiston Dzyudo Federatsiyasi raisi Azizjon Komilov boshchiligidagi rasmiy delegatsiya ham ishtirok etdi.
Mazkur eʼtirof O‘zbekistonda dzyudo sport turini tizimli rivojlantirish, yosh avlodni sportga keng jalb qilish hamda bolalar sport infratuzilmasini takomillashtirish borasida olib borilayotgan islohotlarning amaliy natijasi sifatida baholanmoqda.
Shuningdek, Diyora Keldiyorova tomonidan tashkil etilgan bolalar dzyudo klubi ham Xalqaro dzyudo federatsiyasi tomonidan yuqori baholanib, bolalar sportini rivojlantirish yo‘nalishidagi ilg‘or tashabbuslardan biri sifatida eʼtirof etildi.


