O‘zbekiston Jahon savdo tashkilotiga (JST) a’zo bo‘lish jarayonida deyarli marraga yetdi. Hozircha faqat Tayvan bilan ikki tomonlama muzokaralarni yakunlash talab etilmoqda. Bu haqda prezidentning JST masalalari bo‘yicha maxsus vakili Azizbek Urunov ma’lum qildi. Uning aytishicha, mamlakat 2026-yil davomida tashkilotga to‘liq a’zo bo‘lishni maqsad qilgan.
Urunov 2025-yil O‘zbekiston uchun qoidalarga asoslangan xalqaro savdo tizimiga integratsiya yo‘lida burilish nuqtasi bo‘lganini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, ochiqlikni kuchaytirish, savdo siyosatini xalqaro standartlarga moslashtirish va institutsional islohotlar faol davom ettirilgan. “Yo‘l davom etmoqda — mazmun, nufuz va sur’at bilan”, deya xulosa qildi u.
Ma’lumotlarga ko‘ra, O‘zbekiston hozirgacha JSTga a’zo 34 davlatdan 33 tasi bilan ikki tomonlama bozorga kirish bo‘yicha muzokaralarni to‘liq yakunlagan. Ular orasida Yevropa Ittifoqi, Xitoy, Rossiya, Buyuk Britaniya, Shveysariya, Kanada va Avstraliya kabi yirik savdo hamkorlari bor. Tayvan bilan kelishuv imzolansa, muzokara jarayoni rasman yakunlanadi.
Shu bilan birga, JST talablariga moslashish doirasida keng ko‘lamli huquqiy islohotlar amalga oshirildi. Jumladan, 30 dan ortiq normativ-huquqiy hujjat qabul qilindi, yana 29 ta hujjat loyihasi tayyorlandi. Islohotlar bojxona tartib-taomillari, eksport bojlar, texnik reglamentlar, intellektual mulk huquqlari hamda sanitariya va fitosanitariya talablarini qamrab oldi. Rejaga ko‘ra, barcha jarayonlar 2026-yil mart oyida bo‘lib o‘tadigan JST Vazirlarining 14-konferensiyasiga qadar yakunlanishi kutilmoqda.


