Yaqinda Samarqandda O‘zbekiston madaniy merosini saqlash, o‘rganish va ommalashtirish bo‘yicha Butunjahon jamiyatining Oltinchi kongressi o‘z ishini yakunladi. Unda dunyoning 30 dan ortiq mamlakatidan yuzlab olimlar ishtirok etishdi. Mazkur loyihaning ilmiy hamjamiyat, xususan O‘zbekiston uchun ahamiyati beqiyos. Mamlakatimizda butun dunyo uchun murakkab va beqaror bir davrda O‘zbekiston madaniy merosini tadqiq etayotgan xorijiy olimlarni bir nuqtaga jamlash, ana shu yo‘nalishda chop etilgan 60 ta kitob-albomni keng jamoatchilikka yetkazish — tahsinga sazovor ish. O‘zbekiston madaniy merosini saqlash, o‘rganish va ommalashtirish bo‘yicha Butunjahon jamiyati Boshqaruvi raisi Firdavs Abduxoliqov bilan ushbu Kongressning ahamiyati, erishilgan yutuqlar, bu borada zahmat chekayotgan olimlar faoliyati xususida suhbatlashdik.
— O‘zbekiston madaniy merosini tadqiq etishga qaratilgan ilk kongress o‘tkazilganiga yaqinda 5 yil to‘ldi. Sizning nazaringizda 2017 yilda o‘tkazilgan dastlabki Kongressdan bu yilgisining farqi nimada?
— Maʼlumki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev o‘z faoliyatining ilk davridan xalqimizning boy madaniy merosini o‘rganish va tadqiq etishga katta eʼtibor qaratdi. Biz ham davlat rahbarining ana shu eʼtibori va g‘amxo‘rligidan ruhlanib, ish boshlaganmiz. Dastlabki kongressda biz ilmiy hamjamiyat eʼtiboriga mehnatimizning ilk namunalari – “O‘zbekiston madaniy merosi dunyo to‘plamlarida turkumidan chop etilgan beshta albomni taqdim etgan edik. O‘shanda ham Yer yuzining turli nuqtalaridan 300 nafardan ortiq olim va ekspertlar, xorijiy mehmonlar tashrif buyurgan. Bu kongress biz uchun sinov maydoni vazifasini o‘tadi. Ko‘plab olimlar bu loyihaga qiziqish bildirishdi va uning doimiy ishtirokchisiga aylanishdi. Bugungi kunda kitob-albomlarimiz soni 60 taga yetdi. Yigirmadan ortiq mamlakatlarga ilmiy ekspeditsiyalar uyushtirdik. Yuzdan ortiq konferensiyalar, taqdimotlar, media-iventlar o‘tkazdik. Bugungi kunda ish faoliyatimiz qamrovi, olimlarimiz, hamkorlarimiz safi yana-da kengaydi. Biz O‘zbekiston madaniy merosini o‘rganayotgan yangi-yangi olimlarni kashf etyapmiz. Joriy yildagi ishtirokchilarimizning 75 foizini safimizga yangi qo‘shilganlar tashkil etadi. Biz joriy yilda asosiy eʼtiborni Markaziy Osiyo mamlakatlarining mushtarak merosini o‘rganishga qaratdik. Ishtirokchilarimizning asosiy qismini ham mintaqamiz vakillari tashkil etdi. Shu paytga qadar asosan uzoq xorijiy mamlakatlarda saqlanayotgan madaniy merosimiz yodgorliklariga diqqat qaratgan bo‘lsak, endilikda qo‘shni mamlakatlar muzey va kutubxonalari, to‘plamlaridagi osori atiqalarni tadqiq etishga kirishyapmiz.
Albatta, Markaziy Osiyo xalqlari madaniyati bir-biriga chambarchas bog‘liq. Qaysi madaniy yodgorlik kimga tegishli ekani ham baʼzida katta bahslarga sabab bo‘ladi. Chunki bu mintaqada o‘z davrida turli tamaddunlar, dinlar, qarashlar tutashgan, o‘nlab imperiyalar hukmronlik qilgan, har biri tariximizda o‘chmas iz qoldirgan. Shu bois biz mintaqadagi madaniy merosni faqat O‘zbekistonga tegishli deb emas, umumiy, mushtarak madaniy yodgorliklar sifatida tadqiq etishni o‘z oldimizga maqsad qilib qo‘yganmiz. Biz ana shu yo‘nalishda yana o‘nlab kitob-albomlar yaratishni mo‘ljallayapmiz.
— Yana qaysi davlatlar bilan aloqalar yo‘lga qo‘yilyapti?
— Ayni paytda Pokiston, Eron, Irlandiya, Daniya, Ozarbayjon olimlari bilan muzokaralar olib boryapmiz. Albatta bu masalalarning barchasi bitta kongress doirasida hal qilinmaydi. O‘tgan kongressda Ozarbayjon gilamlar muzeyi rahbari shirin Melikova ishtirok etgandi. Biz undan Ozarbayjonga bag‘ishlangan jildga kuratorlik qilishni taklif etdik. Ayni paytga qadar Shirin Melikova Ozarbayjonda bizning albomimiz uchun katta miqdorda materiallar jamladi. Joyi yilda ushbu mamlakatda saqlanayotgan madaniy merosimiz durdonalari haqida bitta jild tayyor bo‘lishi kutilmoqda.
Buyuk Britaniyaning “Al-Furqon” fondi bilan hamkorligimiz ham joriy yildan o‘z natijalarini bera boshladi. Ular bilan aloqa o‘rnatganimizga 3-4 yil bo‘ldi. Ammo, ular ayni paytga qadar biz bilan hamkorlik qilishga biroz cho‘chib qarashar, O‘zbekiston hukumati keyinchalik ularning ixtiyoridagi madaniy boyliklarni qaytarishni talab qilmasmikin, degan andishalari ham yo‘q emasdi. Ammo, biz ularga loyihamizning maqsadi va mohiyatini tushuntirib berganimizdan keyin ular fonddagi nodir qo‘lyozmalar haqida maʼlumotlarni baham ko‘rishga rozi bo‘lishdi. Ushbu fondda ko‘plab buyuk allomalarimiz, masalan toshkentlik mutafakkir olim Qaffol Shoshiyning fiqhiy masalalarga bag‘ishlangan noyob asarlari borligini aniqladik.
— Maʼlumki, “O‘zbekiston madaniy merosi dunyo to‘plamlarida loyihasi doirasida turli hujjatli filmlar ham suratga olinmoqda.
— Albatta, har bir kitob-albomning video-talqinini yaratib boryapmiz. Kitoblarga ularning mazmunini ifodalovchi filmlar yozilgan disklar ilova qilinadi. Kitobdagi maxsus QR-kodlar orqali eksponatlar haqida zarur videomaʼlumotlarni ko‘rish va yuklab olish mumkin. Biz ayni paytda O‘zbekiston Respublikasi Kinematografiya agentligi bilan hamkorlikda o‘nlab yangi kinoloyihalar ustida ishlashni rejalashtiryapmiz. Jumladan, Marko Polo va Ibn Sino haqida filmlar suratga olishni ko‘zda tutganmiz. Mashhur kinorejissyor Timur Bekmambetov bilan qoraqalpoq xalq eposi “Qirq qiz” syujeti asosida film suratga olmoqchimiz.
— Mazkur kongressda qanday ilmiy yangiliklar eʼlon qilindi?
— Masalan, tojikistonlik olim, professor Badriddin Maqsudov ushbu mamlakat fondlarida saqlanayotgan, Hazrat Navoiyning hayotlik davrida ko‘chirilgan qo‘lyozmalar, Sohibqiron Amir Temur hayotiga bag‘ishlangan manoqib haqida maʼlumot berdi. Qizig‘i, Amir Temur hayoti haqida eski o‘zbek tilidagi eng eski manba XVIII asr boshlariga mansub deb qaralardi. Tojikistonda undan yuz yilcha avval yozilgan turkiy tildagi “Temurnoma” qo‘lyozmasi mavjudligi aniqlandi.
Siyosiy tahlilchi, yozuvchi. Markaziy Osiyo va Kavkaz instituti asoschisi Frederik Starr Kongress davomida “Tafakkurdagi raqobat: milodiy 1000 yil” kitobini taqdim etdi. Unda Ibn Sino, Beruniy singari olimlarning o‘sha paytdagi ilmiy izlanishlari yangicha qarashlar asosida tahlil qilingan.
Shuningdek, Kongressda Kuala-Lumpur muzeyidagi saqlanayotgan, 13 asrlik tarixga ega sug‘d libosi, Italiyada saqlanayotgan Buxoro amirligi xazinasi namunalari, Almati muzeyidagi o‘zbek rassomlarining asarlari, o‘zbek hukmdorlarining Rossiya imperatoriga yo‘llagan, ayni paytda Ermitajdan joy olgan hadyalari ilk bor O‘zbekiston va dunyo ilmiy jamoatchiligiga maʼlum qilindi.
— Siz bu loyihaning kelajagini qanday tasavvur qilasiz?
— Bizning asosiy maqsadimiz O‘zbekiston hududida yaratilgan, taqdir taqozosi bilan dunyoning turli nuqtalariga borib qolgan madaniy merosimiz namunalarini o‘rganish, ular haqida maʼlumotlarni jamlash va kataloglashtirishdan iborat. Afsuski, turli muzeylarida ushbu eksponatlar noto‘g‘ri tavsiflanayotgani, ular umuman boshqa mamlakatlar va xalqlar merosi sifatida ko‘rsatilayotganiga guvoh bo‘lyapmiz.
Masalan, bir necha yil avval biz Britaniya muzeyida saqlanayotgan Jaloliddin Manguberdining shaxsiy kosasini uchratdik. Ammo bu buyum Eron madaniy merosi namunasi sifatida tavsiflangan. Biz muzey rahbariyatiga bu nodir buyum bevosita O‘zbekiston madaniyatiga mansub ekanini tushuntirdik.
1993 yilda Yevropadagi yirik muzeylardan biri – Linden muzeyida saqlanayotgan O‘zbekiston yodgorliklari haqida muhtasham albom tayyorlangan va u O‘zbekistonning Birinchi Prezidenti tashrifi munosabati bilan taqdim etilgan. Oradan 23 yil o‘tib, biz ana shu albom asosida yangi nashr yaratish taklifi bilan muzey rahbariga murojaat qildik. Ammo ular anchagacha bizning taklifimizni ortga surib kelishdi. Nihoyat Germaniya Tashqi ishlar vazirligi ko‘magida biz muzey fondiga kirishga muvaffaq bo‘ldik. Ammo, muzeyda juda ko‘p artefaktlar Eron va boshqa mamlakatlarga nisbat berilganini aniqladik. Muzey rahbariyati bizga bu tushunmovchilikning sababini ko‘rsatib berisholmadi.
— Shu o‘rinda Siz amalga oshirayotgan “O‘zbekiston obidalaridagi bitiklar” loyihasi haqida to‘xtalib o‘tsangiz.
— Afsuski, moddiy yodgorliklar abadiy emas. Ular vaqt o‘tishi, iqlim sharoitlar va boshqa sabablar tufayli nurab boraveradi. Hatto yuz oldin yurtimiz hududida mavjud bo‘lgan ko‘plab tarixiy obidalar bugun yo‘qolib ketgan. Yana yuz yildan keyin nima bo‘lishini bilmaymiz. Ammo, biz bu yodgorliklar haqida to‘liq maʼlumotlar, jumladan ular bag‘ridagi tilsimlarni o‘zida joylagan bitiklarni asrab qolishimiz, o‘rganishimiz va keng jamoatchilikka yetkazishimiz kerak. Biz ayni paytga qadar yuzlab obidalardagi qadimiy bitiklar sirini ochishga muvaffaq bo‘ldik. Ularni o‘zbek, rus, ingliz tillaridagi tarjimalari bilan kitob-albomlarimizga kiritdik.
Ushbu loyiha tarixiy yodgorliklarimiz haqida xalq orasida tarqalgan noo‘rin afsonalarga ham barham berdik. Masalan, Samarqanddagi Amir Temur qabrtoshida marhumlarni bezovta qilganlar laʼnatga qolishi haqida tahdidli bitiklar mavjud, degan qarashlar yurardi. Biz bu bitiklarni atroflicha o‘rgandik. Unda hech qanday tahdid yoki qarg‘ish yo‘qligi maʼlum bo‘ldi.
Ko‘pchilik tarixiy yodgorliklarda faqat oyat va hadislar bitilgan, deb o‘ylaydi. Aslida ular orasida shoirlarimizning turkiy va forsiy tillardagi sheʼriy asarlaridan parchalar, hukmdorlarning yorliqlari, binolar haqida qimmatli maʼlumotlar ham uchraydi. Biz yaqin kelajakda o‘zbek hukmdorlari topshirig‘i bilan bugungi O‘zbekiston hududidan tashqarida yaratilgan meʼmoriy yodgorliklarni ham tadqiq etmoqchimiz.
— Bu boradagi izlanishlarga, tadqiqotlarga O‘zbekiston rahbariyati qanday yordam bermoqda?
— Sobiq ittifoq tarqalib ketgach, har bir mamlakat o‘z taraqqiyot yo‘li, jumladan mafkuraviy siyosatini ham belgilab oldi. Milliy madaniy meros har bir xalqning tarixi, qiyofasi va kelajagini belgilovchi asosiy omil. Biz madaniy merosimizni o‘rganmasak, kimligimizni, qanday tarixiy ildizlarga ega ekanligimizni chuqur anglab yetolmaymiz. Bu esa, maʼnaviy tanazzulga yetaklaydi. Shu bois, muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev ham asosiy eʼtiborni ana shu masalaga qaratdi.
Agarda, davlatimiz rahbari, hukumatimiz qo‘llab-quvvatlamaganda, bu loyiha amalga oshmasdi. Har bir kongress avvalida uni yuqori darajada o‘tkazishga qaratilgan hukumat qarori eʼlon qilinadi. Kongresslarimiz turli vazirlik va idoralar, davlat va jamoat tashkilotlari ko‘magida o‘tkaziladi. Ikki yil oldin Butunjahon jamiyati aʼzolari loyiha doirasida chop etilgan kitob-albomlarni mamlakatdagi o‘quv yurtlari kutubxonalariga yetkazish bo‘yicha O‘zbekiston rahbariga murojaat qilishdi. Shu tariqa 35 jild kitob-albomlarning har birini 10 ming nusxadan chop etish bo‘yicha mablag‘ ajratdi. Ushbu nashrlar Xalq taʼlimi vazirligi o‘quv muassasalariga yo‘naltiriladi. Ayni paytga qadar “O‘zbekiston madaniy merosi jahon to‘plamlarida” loyihasi doirasida jami 350 ming nusxa kitob albomlar chop etildi.
Bu borada bizga ijtimoiy masʼuliyatli biznes vakillari ham yaqindan yordam berayotganini alohida taʼkidlab o‘tmoqchi edim. Jumladan, loyihalarimizning bosh homiysi ERIELL kompaniyasi rahbariyatiga chuqur minnatdorlik bildiraman. ERIELL nafaqat homiy, balki tashkilotchi sifatida ham bizga yaqindan ko‘maklashmoqda. Kompaniya rahbari Baxtiyor Fozilov bilan muntazam aloqadamiz. VI Kongressga tayyorgarlik ko‘rish va o‘tkazishda ham kompaniya rahbariyati bizdan har qanaqangi yordamni ayamadi. To kongressning oxirgi ishtirokchisi o‘z uyiga yetib borguncha, ERIELL biz bilan birga bo‘ldi.
— Joriy yilning fevral oyida akademik, “O‘zbekiston madaniy merosi jahon to‘plamlarida” loyihasining ilmiy rahbari Edvard Rtveladze vafot etdi. Bu sizning jamiyatingiz faoliyatiga qanday taʼsir qildi?
— Loyihaning yuzaga kelishi va oyoqqa turishida Edvard Vasilyevichning xizmatlari beqiyos. U loyihani ilmiy jihatdan tizimga soldi, yo‘naltirdi. U kitob-albomlarning har birini o‘qib, tahrir qilar, mualliflarga yo‘l-yo‘riqlar berardi. U umrining so‘nggi yillarini aynan shu loyiha bag‘ishladi desak xato bo‘lmaydi. Rtveladze loyihaga qaratilgan turli bosimlar, tanqidiy qarashlarga ham ko‘ksini qalqon qilardi. Muxolif fikrdagi ziyolilar ham
bora-bora Rtveladze bilan kelishishga, hatto loyihamizga ko‘maklashishga rozi bo‘lishdi. Albatta, Edvard Rtveladzening vafoti faoliyatimizdagi jiddiy yo‘qotish bo‘ldi. U juda aqlli, bilimli, uzoqni ko‘ra biladigan donishmand inson edi. U qachondir bu dunyoni tark etishini yaxshi tushunardi. Shu bois, mazkur loyihani mustahkam yo‘nalishlarini belgilab ketdi. Biz ana shu yo‘nalishlar bo‘yicha ishlarimizni davom ettiryapmiz.
Biz har doim olimlarimiz, loyihamizning fidoyi aʼzolari kuchiga, mehnatiga tayanamiz. Shu loyiha sababli o‘nlab mahalliy va xorijiy olimlar bilan bitta oila bo‘lib birlashdik. Men loyihamiz muvofiqlashtiruvchisi Yekaterina Soboleva, sanʼatshunoslik fanlari doktori Elmira Gul, madaniy merosimiz haqidagi hujjatli filmlar muallifi Shahnoza G‘aniyeva, shuningdek, loyihamizda ishtirok etib kelayotgan bir qator olimlar, tahlilchilar, ekspertlar, fotograf va jurnalistlarga ham o‘z minnatdorligimizni bildiramiz.
— Mazmunli suhbatingiz uchun tashakkur.


