O‘zbekiston Bilim va malaka baholash agentligi Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasida oliy ta’lim diplomlarini avtomatik ravishda o‘zaro tan olish bo‘yicha internetda tarqalgan ma’lumotlar haqiqatga mos kelmasligini ma’lum qildi. Agentlikning ta’kidlashicha, diplomlarni tan olish tartibi har bir davlatda alohida ravishda milliy qonunchilik asosida amalga oshiriladi.
Rasmiy izohda qayd etilishicha, O‘zbekiston hududida xorijiy davlatlarda olingan ta’lim hujjatlarini tan olish jarayoni “Ta’lim to‘g‘risida”gi Qonun va hukumat tasdiqlagan “Xorijiy ta’lim hujjatlarini tan olish tartibi to‘g‘risida”gi nizom asosida amalga oshiriladi.
Agentlikning ma’lum qilishicha: “Hozirgi vaqtda O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Turkmaniston o‘rtasida diplomlarni avtomatik tan olishga doir xalqaro shartnoma mavjud emas. Har bir davlatda xorijiy diplomlar milliy qonunchilikda belgilangan talablar asosida ko‘rib chiqiladi”.
Mazkur izoh Qozog‘istonning Zakon.kz portali 19-noyabr kuni Markaziy Osiyo davlatlarining o‘zaro oliy ta’lim diplomlarini tan olish bo‘yicha kelishuvga erishgani haqidagi xabarlardan so‘ng berildi. Portaldagi ma’lumotga ko‘ra, Qozog‘iston hukumati ushbu yo‘nalishdagi xalqaro kelishuv loyihasini ma’qullagani haqida qaror chiqargan.
Shu bilan birga, Samarqandda bo‘lib o‘tgan YUNESKO Bosh konferensiyasining 43-sessiyasida O‘zbekiston Oliy ta’lim malakalarini tan olish bo‘yicha global konvensiyani ratifikatsiya qilgani e’lon qilingan edi. Ushbu hujjat YUNESKOga a’zo davlatlar o‘rtasida diplomlarni tan olish jarayonini soddalashtirishga xizmat qiladi, biroq mintaqaviy avtomatik tan olish shartnomasini anglatmaydi.


