Futbol bo‘yicha O‘zbekiston milliy terma jamoasi 2026-yilgi Jahon chempionatiga tayyorgarlik jarayonida Kanada terma jamoasiga qarshi o‘rtoqlik uchrashuvini o‘tkazadi. O‘FA xabariga ko‘ra, uchrashuv 2026-yil 1-iyun kuni Kanadaning Edmonton shahrida bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan.
Avvalroq Kanada futbol assotsiatsiyasi O‘zbekiston bilan sparring o‘yini tashkil etish tashabbusi bilan chiqqani ma’lum bo‘lgan edi. Manbalarga ko‘ra, mezbon tomon ushbu bahsni o‘tkazish uchun O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasiga 50 ming dollar taklif qilgan. Hozirda Kanada FIFA reytingida 27-o‘rinda, O‘zbekiston esa 50-pog‘onada bormoqda.
Ikki terma jamoa shu paytgacha faqat bir marta — 2016-yil iyun oyida o‘rtoqlik uchrashuvida maydonga tushgan. O‘shanda Kanada 2:1 hisobida g‘alaba qozongan. Ushbu bahs O‘zbekiston terma jamoasi uchun Jahon chempionati oldidan muhim sinovlardan biri bo‘lishi kutilmoqda.


