O‘zbekiston Respublikasi hukumati xalqaro hamkorlikni kengaytirish hamda turizm va investitsiya oqimini oshirish maqsadida viza siyosatini yanada liberallashtirishga doir qaror qabul qildi. Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 21-oktabrdagi qaroriga muvofiq, olti davlat fuqarolari uchun vizasiz kirish tartibi joriy etildi, shuningdek, ishbilarmonlik vizalarini olish jarayoni soddalashtirildi.z
Endilikda Bahrayn, Qatar, Quvayt, Ummon, Saudiya Arabistoni va Iordaniya fuqarolari O‘zbekistonga vizasiz kirib, 30 kungacha mamlakatda bo‘lishlari mumkin. Mazkur tashabbus Fors ko‘rfazi mamlakatlari bilan iqtisodiy va madaniy aloqalarni rivojlantirish yo‘lidagi muhim qadamlardan biri hisoblanadi.
Bundan tashqari, Xitoy fuqarolari uchun vizasiz qolish muddati 30 kungacha uzaytirildi. Shu bilan birga, Gonkong maxsus ma’muriy hududi fuqarolari uchun amaldagi 7 kunlik vizasiz rejim o‘z kuchida qoladi.
Hukumat, shuningdek, 15 davlat fuqarolari uchun ishbilarmonlik vizalarini rasmiylashtirish tartibini soddalashtirdi. Endi Avstriya, Germaniya, Italiya, Fransiya, Buyuk Britaniya, Ispaniya, Belgija, Chexiya, Latviya, Shveytsariya, Malayziya va Yaponiya kabi davlatlar vakillarining vizalari ikki ish kuni ichida ko‘rib chiqiladi.
Birlashgan Arab Amirliklari, Eron va Pokiston fuqarolari uchun bu jarayon uch ish kunigacha davom etadi. Zarurat tug‘ilganda qo‘shimcha tekshiruvlar asosida muddat 10 kungacha uzaytirilishi mumkin.
Mazkur qaror xalqaro hamkorlikni kengaytirish, ishbilarmonlik aloqalarini kuchaytirish va mamlakatning investitsion jozibadorligini yanada oshirishga xizmat qiladi.


