Joriy yilning yanvar–avgust oylarida O‘zbekistonning umumiy eksporti 22,98 mlrd dollarni tashkil etdi. Davlat statistika qo‘mitasi maʼlumotlariga ko‘ra, shundan 8,42 mlrd dollari yoki 36,7 foizi oltin hissasiga to‘g‘ri keladi. Bu mamlakat tarixida qayd etilgan eng yuqori ko‘rsatkich hisoblanadi. Avvalgi yillarda hatto yillik natijalar ham bu sakkiz oylik ko‘rsatkichdan past bo‘lgan.
Solishtirib ko‘radigan bo‘lsak, 2024 yilning shu davrida oltin eksporti 4,98 mlrd dollarni tashkil etgan. 2023 yil yakunida bu ko‘rsatkich keskin oshib, 8,1 mlrd dollarni tashkil qilgan. 2021 va 2022 yillarda esa har ikki yilda ham qiymat 4,1 mlrd dollar atrofida bo‘lgan. 2020 yilda 5,8 mlrd dollarlik, 2019 yilda 4,9 mlrd dollarlik va 2018 yilda esa 2,9 mlrd dollarlik oltin sotilgan.
Shuningdek, 2025 yil 1 sentyabr holatiga ko‘ra, O‘zbekistonning oltin-valyuta zaxiralari qiymati ilk bor 50,1 mlrd dollarga yetdi. Uning 40 mlrd dollardan ortiq qismi oltindan iborat. Mamlakat zaxirasida 11,8 mln unsiya (334,5 tonna) oltin mavjud.


