O‘zbekiston 27-noyabr kuni Xitoyning Chunsin shahrida bo‘lib o‘tgan Osiyo madaniy merosi alyansining II Bosh assambleyasi va 3-Kengash yig‘ilishida muhim maqomga — Alyans Kengashi tarkibiga qabul qilindi. Tadbirda O‘zbekiston delegatsiyasiga Madaniy meros agentligi direktori Bahodir Abdikarimov rahbarlik qildi.
Ma’lumotga ko‘ra, Osiyo madaniy merosi alyansi 2021-yilda Sian shahrida tashkil etilgan bo‘lib, Osiyo mamlakatlari o‘rtasida madaniy merosni muhofaza qilish, restavratsiya, konservatsiya va ilmiy almashinuvni kuchaytirishni maqsad qiladi. Alyansning 24 ta a’zo, hamkor va kuzatuvchi davlatlari mavjud, bosh qarorgohi Pekinda joylashgan. O‘zbekiston 2023-yildan buyon kuzatuvchi sifatida faoliyat yuritib kelmoqda.
Assambleya davomida O‘zbekiston uchun muhim qaror qabul qilindi — Surxondaryo viloyati Uzun tumanidagi “Chinortepa” arxeologik obyektida ilmiy qazishmalarni davom ettirish uchun 140 ming AQSh dollari miqdoridagi grant ajratildi. Bu mablag‘ hududning tarixiy qatlamlarini chuqur o‘rganish va xalqaro ilmiy hamkorlikni kengaytirishga xizmat qiladi.
Shuningdek, O‘zbekistonning Alyans Kengashi tarkibiga kirishi davlatning madaniy meros sohasidagi xalqaro nufuzini oshirib, mintaqaviy qarorlar va strategiyalarni shakllantirishda faol ishtirok etish imkonini beradi.


