Uchrashuvda O‘zbekiston-AQSH strategik sherikligini yana-da rivojlantirishning dolzarb masalalari ko‘rib chiqildi.
U endi Sherman davlatimiz rahbariga AQSH Prezidenti Jozef Bayden, vitse-prezidenti Kamala Xarris va Davlat kotibi Entoni Blinkenning samimiy salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazdi.
Amerika tomoni mamlakatimizning suvereniteti, mustaqilligi va hududiy yaxlitligini, shuningdek, yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan demokratik yangilanishlar va ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar dasturini qatʼiy qo‘llab-quvvatlashi alohida taʼkidlandi.
Tomonlar keyingi yillarda O‘zbekiston va AQSH o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlik jadal surʼatda rivojlanib borayotganini mamnuniyat bilan qayd etdilar.
Ikki mamlakat o‘rtasidagi Strategik sheriklik muloqotining joriy yil oxirigacha Vashington shahrida bo‘lib o‘tadigan birinchi yig‘ilishining kun tartibini puxta tayyorlash muhim ekani taʼkidlandi.
Siyosat va xavfsizlik, savdo, investitsiya va innovatsiyalar, qishloq xo‘jaligi, energetika, taʼlim, sog‘liqni saqlash, gumanitar almashinuvlar kabi ustuvor yo‘nalishlarda amaliy hamkorlikni kengaytirishdan manfaatdorlik bildirildi.
Pandemiyaga qarshi kurashishda, shu jumladan amaldagi global dastur doirasida mamlakatimizga vaksinalar yetkazib berish masalasida ko‘rsatilayotgan ko‘mak uchun Amerika tomoniga alohida minnatdorlik bildirildi.
Mintaqaviy, shu jumladan “AQSH – Markaziy Osiyo” muloqoti hamda Savdo va investitsiyalar bo‘yicha hadli bitim kengashi doirasidagi hamkorlik masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.
Shuningdek, Afg‘onistonda vujudga kelayotgan vaziyat yuzasidan batafsil fikr almashildi. O‘zbekistonning afg‘on xalqiga ko‘maklashish hamda qo‘shni mamlakatda uzoq muddatli tinchlik o‘rnatilishi va uning iqtisodiy tiklanishiga xizmat qiladigan loyihalarni ilgari surish borasidagi saʼy-harakatlari yuksak baholandi.
Avvalroq Shavkat Mirziyoyev Jahon banki vitse-prezidenti Anna Byerde boshchiligidagi delegatsiyani qabul qilgandi.


