Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) O‘zbekiston 2024-yilda qizamiq virusining mamlakat ichida qayta va uzluksiz tarqalishi qayd etilgani sababli qizamiqdan xoli mamlakat maqomini yo‘qotganini rasman tasdiqladi. Bu haqda euronews nashri xabar berdi.
JSST maʼlumotiga ko‘ra, O‘zbekiston bilan bir qatorda Armaniston, Avstriya, Ozarbayjon, Ispaniya hamda Buyuk Britaniya uchun ham mazkur maqom bekor qilingan. Ushbu qarorga infeksiyaning mamlakat hududida 12 oydan ortiq vaqt davomida to‘xtovsiz tarqalib kelayotgani asos bo‘lgan.
JSST qoidalariga muvofiq, agar qizamiq virusi bir yil davomida uzluksiz yuqishda davom etsa, mamlakat avtomatik ravishda qizamiqdan xoli hududlar ro‘yxatidan chiqariladi.
Mutaxassislar Yevropa mintaqasida, jumladan O‘zbekistonda ham, kasallikning qayta avj olishiga emlash qamrovining 95 foizdan pastga tushib ketgani, yaʼni poda immunitetida yuzaga kelgan bo‘shliqlar asosiy sabab bo‘lganini taʼkidlamoqda.
Qizamiq sog‘liqni saqlash tizimidagi muammolarni ko‘rsatuvchi “indikator kasallik” hisoblanadi. Emlash darajasi pasayishi bilan u birinchi bo‘lib qayta tarqaladi. Hozirda qizamiq holatlarining aksariyati 10 yoshgacha bo‘lgan bolalar orasida qayd etilmoqda.
Qizamiqdan xoli mamlakatlar qatoriga qayta kirish uchun O‘zbekiston keyingi uch yil davomida virus tarqalishining oldini olishi, emlash qamrovini tiklashi va epidemiologik nazorat choralarini sezilarli darajada kuchaytirishi lozim.


