1. Bosh sahifa
  2.  / 
  3. O'zbekiston

O‘zbekiston sayyohlar oqimi eng tez o‘sayotgan TOP–7 mamlakatlar qatoriga kirdi

2025 yilda O‘zbekistonga kelgan xalqaro turistlar oqimi 2019 yilga nisbatan 73 foizga oshdi.

O‘zbekiston sayyohlar oqimi eng tez o‘sayotgan TOP–7 mamlakatlar qatoriga kirdi

 

Birlashgan Millatlar Tashkilotining Butunjahon turizm tashkiloti (BMT Turizm) tomonidan eʼlon qilingan World Tourism Barometer so‘nggi tahliliy maʼlumotlariga ko‘ra, O‘zbekiston 2025 yilning yanvar–sentyabr oylarida xorijiy sayyohlarni jalb qilish bo‘yicha dunyo miqyosida eng yuqori o‘sish qayd etilgan TOP–7 mamlakatlar qatoriga kirdi.

 

Hisobotda qayd etilishicha, mazkur davrda O‘zbekistonga tashrif buyurgan xalqaro turistlar oqimi 2019 yil darajasiga nisbatan 73 foizga oshgan. Bu mamlakatning global turizm makonidagi mavqei izchil mustahkamlanib borayotganini ko‘rsatadi.

 

Shuningdek, BMT Turizm reytingiga muvofiq, 2019 yilga nisbatan turistlar sonining o‘sish surʼatlari bo‘yicha O‘zbekiston Yevropa mintaqasi davlatlari orasida 2-o‘rinni egalladi. 2025 yilning dastlabki to‘qqiz oyida mamlakatga kelgan xalqaro sayyohlar soni 2024 yilning mos davriga nisbatan 13 foizga oshib, O‘zbekiston Yevropa mintaqasida eng yuqori o‘sish qayd etgan TOP–4 turistik yo‘nalishlar qatoriga kiritildi.

 

BMT Turizm hisobotida taʼkidlanishicha, 2025 yil yanvar–sentyabr oylarida jahon bo‘yicha xalqaro sayohatlar hajmi o‘rtacha 5 foizga oshgan va global turizm pandemiyadan keyingi barqaror tiklanish bosqichiga kirgan. Ushbu umumiy tendensiyalar fonida O‘zbekistonning ko‘rsatkichlari mamlakatda olib borilayotgan izchil va uzoq muddatli siyosatning amaliy samarasini namoyon etmoqda.

 

2025 yilda O‘zbekiston turizm sohasida rekord natijalarni qayd etdi. Dastlabki 11 oyda mamlakatga 10,7 milliondan ortiq xorijiy sayyoh tashrif buyurdi. Aprel oyidan boshlab esa tarixda ilk bor har oyda milliondan ortiq sayyoh qabul qilinmoqda. Turistik xizmatlar eksportidan olingan daromadlar 4,4 milliard dollardan oshdi.

 

Sayyohlar oqimining o‘sishi viza rejimini kengaytirish, transport qulayligini oshirish hamda faol xalqaro marketing siyosati bilan bog‘liq. Shu bilan birga, yangi mehmonxonalar, sayyohlik kompaniyalari va turizm mutaxassislari sonining ortishi mamlakat infratuzilmasini mustahkamlab, O‘zbekistonning jahon turizm bozoridagi raqobatbardoshligini oshirmoqda.

 

Samarqand, Buxoro va Xiva kabi anʼanaviy tarixiy markazlar bilan bir qatorda, ekologik va gastronomik turizm yo‘nalishlariga qiziqish ham ortib bormoqda. Uzoq xorijdan kelayotgan sayyohlar ulushining oshishi O‘zbekistonning mintaqaviy yo‘nalishlar doirasidan chiqib, global turizmda o‘z o‘rnini mustahkamlab borayotganidan dalolat beradi.

Kategoriyalar

Bog'lanish uchun

+998 (71) 207-21-28

Elektron manzil

info@zamon.uz

Shahodatnoma

№1346 Berilgan sana: 28.05.2020

Asoschisi

ООО Master Media Production and Broadcast

Tahririyat manzili

Toshkent sh., Amir Temur shoh ko'chasi, 53 uy

Яндекс.Метрика