O‘zbekiston SHHT davlatlarini birgalikda toza va qayta tiklanuvchi energiya manbalariga o‘tishga chaqirdi. Bu haqda energetika vazirining birinchi o‘rinbosari Azim Axmadxo‘jayev maʼlum qildi.
“Bir tomondan doimiy ravishda generatsiyani oshirib borish, ikkinchi tomondan iqlim o‘zgarishi bilan bog‘liq real muammolar insoniyat oldiga toza va barqaror energiyaga o‘tish yo‘llarini topish vazifasini qo‘ymoqda”, – degan u.
Vazir o‘rinbosarining fikricha, ushbu yo‘nalishda tajriba almashish va qo‘shma loyihalar muammoga yechim topish hamda ularni amaliyotga joriy qilish jarayonini tezlashtiradi.
Axmadxo‘jayevning qo‘shimcha qilishicha, ushbu masalaning SHHTga aʼzo davlatlar vazirlar kengashida muhokama qilinishi tashkilot davlatlari bu global masala ustida ishlayotganidan dalolat beradi. U mazkur yo‘nalishdagi ishlarni tezlashtirishga chaqirgan.
Avvalroq Toshkentda SHHT Anʼanaviy tibbiyot anjumani bo‘lib o‘tgani to‘g‘risida xabar berilgandi.


