Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi hamda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi yoshlar, ota-onalar va pedagoglarni giyohvandlik hamda narkojinoyatchilikka qarshi hushyorlikka chaqirgan qo‘shma murojaatni e’lon qildi.
Murojaatda ta’kidlanishicha, farzand — har bir oilaning eng ulug‘ ne’mati bo‘lib, uni turli illatlar, xususan giyohvandlik balosidan asrash bugungi kunning eng muhim vazifalaridan biridir. So‘nggi yillarda mazkur illatga jalb etilayotgan yoshlar soni ortayotgani, bu esa nafaqat ularning sog‘lig‘i, balki kelajak hayoti va jamiyat barqarorligiga ham jiddiy xavf tug‘dirayotgani qayd etiladi.
Vazirliklar yoshlarni ogoh bo‘lishga, “bir marta sinab ko‘raman” degan xavfli xayoldan yiroq turishga chaqirar ekan, giyohvand moddalarning hayot, ta’lim, kelajak orzulariga bevosita tahdid ekani alohida urg‘u bilan eslatdi.
Murojaatda ota-onalarga farzandlar bilan ochiq muloqotda bo‘lish, ularning ruhiy holati, do‘stlari va qiziqishlaridan boxabar turish zarurligi eslatildi. Ustozlarga esa ta’lim muassasalarida sog‘lom turmush tarzi, ma’naviyat va mas’uliyat tushunchalarini targ‘ib qilish, giyohvandlik oqibatlari bo‘yicha tanqidiy fikrlashni kuchaytirish vazifasi yuklatildi.
Murojaat yakunida barcha fuqarolar narkojinoyatchilikka qarshi keskin va murosasiz munosabatda bo‘lishga, yoshlarni himoya qilishda hamjihatlik ko‘rsatishga chaqirildi.


