Tashrif doirasida B.Tolbayev Turizm va sport vazirligida boʻlib, Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari, mamlakat shaxmat federatsiyasi raisi Aziz Abduxakimov bilan uchrashdi.
Uchrashuvda faxriy mehmon A.Abduhakimovni yaqinda hamyurtimiz Nodirbek Abdusattorov FIDE jahon chempionatida rapid yoʻnalishida gʻoliblikni qoʻlga kiritib, dunyo tarixidagi eng yosh jahon chempioniga aylangani bilan samimiy muborakbod etdi. Qardosh qirgʻiz xalqi ham oʻzbek shaxmatchilarining xalqaro maydonlarda qoʻlga kiritayotgan muvaffaqiyatlaridan faxrlanishini va oʻz navbatida Qirgʻiziston shaxmat federatsiyasi Oʻzbekiston tajribasini oʻrganmoqchi ekanligini bildirdi.
Shu bilan birga, uchrashuvda Oʻzbekiston va Qirgʻiziston oʻrtasida shaxmat sportini yanada rivojlantirish va ommaviyligini oshirish boʻyicha hamkorlik masalalari ham muhokama qilindi.
Jumladan, ikki davlat oʻrtasida shaxmat boʻyicha hamkorlikda musobaqalar tashkil etish, oʻzbekistonlik tajribali grossmeyster va mutaxassislarni Qirgʻizistonga yosh shaxmatchilarni tayyorlash uchun yuborish hamda Qirgʻizistonda shaxmatchilar uchun yozgi oromgohlar tashkil qilish va qoʻshma oʻquv-mashgʻulot yigʻinlarini oʻtkazish masalalari boʻyicha oʻzaro fikr almashildi.
Shuningdek, mehmonga Oʻzbekistonda tashkil etilayotgan Grossmeysterlar maktabi va uning istiqbollari toʻgʻrisida ham maʼlumot berildi. Mazkur yoʻnalishda tajriba almashishga kelishib olindi.
Jamshidbek AMIROV


