Osiyo Kubogi saralash bosqichi “E” guruhining 2-tur uchrashuvida O‘zbekiston U-23 terma jamoasi Qirg‘iziston yoshlariga qarshi maydonga tushdi. Texnik sabablarga ko‘ra 30 daqiqa kech boshlangan o‘yin kutilganidek jangovar ruhda kechdi va 2:2 hisobidagi durang bilan yakunlandi.
Uchrashuvning ilk daqiqasidayoq qirg‘iz futbolchisi Beknaz Almazbekov hisobni ochdi. Ammo oradan ko‘p o‘tmay, 11-daqiqada Rustam Turdimurodov hisobni tenglashtirdi. Birinchi bo‘lim oxirida esa Behruzbek Asqarov gol urib, O‘zbekistonga ustunlikni olib berdi — 1:2.
Ikkinchi bo‘lim boshida maydon egalari yana oldinga intildi va 56-daqiqada Arsen Shershenbekovning goli hisobni yana tenglashtirdi. Shundan keyin har ikki jamoa bir necha bor xavfli hujumlar uyushtirdi, biroq darvozalar daxlsiz qoldi.
Durang natijasidan so‘ng ikki jamoa ham hisobiga bittadan ochko yozib qo‘shdi. Hozirda Qirg‘iziston va O‘zbekistonning 4 ochkodan mavjud, biroq to‘plar nisbatiga ko‘ra O‘zbekiston “E” guruhida peshqadamlikni qo‘ldan bermadi.


