O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Turkiyaga rasmiy tashrifi doirasida mamlakatimiz Birinchi xonimi Ziroat Mirziyoyeva Turkiya Birinchi xonimi Emine Erdog‘an bilan birgalikda Anqaraning tarixiy markazida joylashgan “Anqara Palas” muzeyiga tashrif buyurdi.
Qariyb bir asrlik tarixga ega bo‘lgan ushbu me’moriy majmua ming kvadrat metrga yaqin maydonni egallab, Turkiyaning boy madaniy va san’at merosini o‘zida mujassam etadi. Muzey ekspozitsiyasida to‘qimachilik buyumlari, chinni ashyolar, qo‘lyozmalar, diplomatik sovg‘alar, shuningdek, Turkiya Respublikasi asoschisi Mustafo Kamol Otaturkning shaxsiy buyumlari namoyish etilmoqda.
Alohida e’tibor xalqlarimiz o‘rtasidagi tarixiy va madaniy aloqalarni aks ettiruvchi eksponatlarga qaratildi. Jumladan, Buxoro hunarmandlari tomonidan yaratilgan ijod namunalari muzey to‘plamida muhim o‘rin egallagan. Tashrif chog‘ida mehmonlarga milliy liboslar kolleksiyasi, an’anaviy kashtachilik, sopol buyumlarni bezash va qo‘g‘irchoq yasash jarayonlari ham namoyish etildi.
Ziroat Mirziyoyeva madaniy merosni asrab-avaylash va uni kelajak avlodlarga yetkazish muhimligini ta’kidlab, bu borada Turkiyada olib borilayotgan ishlarni yuksak baholadi. Tomonlar madaniyat va gumanitar hamkorlik xalqlarni yaqinlashtirishda muhim o‘rin tutishini qayd etdilar.
Tashrif doirasida ikki mamlakat birinchi xonimlari maxsus marosimda ham ishtirok etdi. Unda davlat rahbarlari Turkiyaning Xatay viloyatida O‘zbekiston tomonidan barpo etilgan turar joy majmuasini ochdi hamda Istanbul shahrida O‘zbekistonning xorijdagi ilk maktabi qurilishiga start berdi.


