TIV matbuot xizmati maʼlumotiga ko‘ra, kecha, 20 may kuni O‘zbekiston tashqi siyosat idorasi rahbari Baxtiyor Saidov Ostona shahrida Xitoy Kommunistik partiyasi Markaziy qo‘mitasi Siyosiy byurosi aʼzosi, Xitoy tashqi ishlar vaziri Van I bilan uchrashuv o‘tkazgan. Muloqotda sanoat, investitsiyaviy, intellektual hamkorlik, madaniy va mintaqalararo aloqalarning yuqori dinamikasi O‘zbekiston va Xitoy xalqlari manfaatlari yo‘lida eng yaxshi natijalarga erishishga qaratilgani qayd etiladi.
O‘zaro muloqot chog‘ida ikki mamlakat o‘rtasidagi do‘stlik va barcha sharoitlarda har tomonlama strategik sheriklikni yana-da mustahkamlash, oliy darajada erishilgan kelishuvlarni to‘liq va o‘z vaqtida amalga oshirishga alohida eʼtibor qaratildi.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov boshchiligidagi delegatsiya 20-21 may kunlari Qozog‘iston poytaxti Ostona shahrida Shanxay hamkorlik tashkiloti TIV rahbarlari kengashining navbatdagi yig‘ilishida ishtirok etishmoqda.


