Kecha, 6-iyul kuni Bryusselda O‘zbekiston va Yevropa Ittifoqi o‘rtasida Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi bitim imzolash marosimi bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston tomondan bosh vazir o‘rinbosari Sardor Umrzoqov qatnashdi.
Yangi bitim O‘zbekiston va YEI o‘rtasida 1996 yilda imzolangan amaldagi sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi bitim o‘rniga ishlab chiqilgan hamda ikki tomonlama hamkorlikni sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqishni maqsad qilgan.
Amaldagi bitim bir necha qoidalardan tarkib topgan: inson huquqlari sohasidagi hamkorlik, madaniy aloqalarni ilgari surish, moliyaviy va texnik hamkorlik, investitsiyalar, tovar va xizmatlar savdosi, shuningdek, intellektual mulkni himoya qilish.
KSHHTB kengroq masalalar qamroviga bag‘ishlanib, ular savdo va unga tegishli masalalar, shu jumladan, bojxona maʼmurchiligi, texnik jihatdan tartibga solish, sanitariya va fitosanitariya choralari, raqobat va davlat korxonalarining faoliyati, davlat xaridlari, nizolarni hal qilish va boshqa sohalar bilan bog‘liq qoidalardan iborat.
Marosimda tomonlar kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi bitimni imzolash va uning kuchga kirishi uchun zarur huquqiy tartib-taomillarni nihoyasiga yetkazish, shundan so‘ng uning to‘liq va sifatli hayotga tatbiq etilishini taʼminlash uchun birgalikda ishlashga tayyorliklarini qayd etishdi.


