Ayni kunlarda Samarqand Turkiy davlatlar tashkilotining birinchi sammitiga mezbonlik qilmoqda. Bugun, 10 noyabr kuni ushbu sammit doirasida O‘zbekiston-Vengriya biznes forumi bo‘lib o‘tdi.
Biznes-forumda qishloq xo‘jaligi vaziri Aziz Voitov, boshqa vazirlik, banklar, qo‘mitalar, agentliklar, uyushmalar, ilmiy-tadqiqot instituti, markazlarning tegishli mutasaddi xodimlari, mahalliy tadbirkorlar qatnashgan bo‘lsa, Vengriya tomonidan esa tashqi savdo va tashqi ishlar vaziri Peter Siyyarto, Savdo-sanoat palatasi raisi Laslo Parrag, madaniyat va innovatsiya vaziri Yanosh Chak hamda bir qator kompaniya direktorlari va vakillari ishtirok etishdi.
Mazkur biznes-forumga qadar joriy yilning 1–4-noyabr kunlari vengriyalik kompaniya vakillari bilan videokonferensaloqa formatida bir nechta uchrashuvlar o‘tkazilib, hamkorlik qilish bo‘yicha kelishib olingan edi.
Qayd etilishicha, O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi tomonidan Vengriyaning “Bonafarm” kompaniyasi bilan hamkorlikda Toshkent viloyatida parrandachilik klasterini tashkil etish loyihasi bo‘yicha ishlar olib borilmoqda.
O‘zbekiston-Vengriya biznes forumi doirasida o‘zbekistonlik tadbirkorlar Vengriya tashqi savdo va tashqi ishlar vaziri Peter Siyyarto boshchiligidagi 60 dan ortiq venger kompaniyalari vakillari bilan “B2B” va “G2B” shaklidagi muzokaralarni o‘tkazishdi. Ikki tomonlama muzokaralar natijasida investitsiyaviy va savdo kelishuvlari imzolandi.
O‘zbekistonda parrandachilik majmuasini yaratish loyihasining iqtisodiy qismini aniqlash maqsadida Vengriya tomoni dastlabki bosqichda bozor imkoniyatlarini baholash, yirik savdo markazlariga tashrif buyurish, go‘sht mahsulotlariga bo‘lgan talab va isteʼmol, ishlab chiqarish hajmlari, jumladan, ozuqa bazasini o‘rganishni maqsad qilgan.
O‘z navbatida Vengriya tomoniga infratuzilmani rivojlantirish holati, salohiyatli ishlab chiqarish maydonlari, parametrlari va O‘zbekiston tomonidagi hamkorlar haqida batafsil maʼlumot berildi. Samarqand shahrida bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston-Vengriya biznes forumi doirasida Toshkent viloyatining Ohangaron tumanida loyihani amalga oshirish bo‘yicha aniq shartlar belgilanib olindi.


