Saudiya Arabistonining Ar-Riyod shahrida 7–21-noyabr kunlari bo‘lib o‘tgan VI Islom birdamligi o‘yinlari yakunlariga ko‘ra, O‘zbekiston delegatsiyasi umumiy hisobda 96 ta medalni qo‘lga kiritib, 57 davlat orasida ikkinchi o‘rinni egalladi.
O‘zbekiston sportchilari musobaqa davomida 29 ta oltin, 35 ta kumush va 32 ta bronza medaliga sazovor bo‘ldi. Shunday qilib, O‘zbekiston delegatsiyasi 2022-yilgi o‘yinlardagi natijasini takrorlab, yana kuchli uchlikdan joy oldi.
Umumjamoa hisobida Turkiya delegatsiyasi 72 ta oltin, 44 ta kumush va 39 ta bronza — jami 155 ta medali bilan musobaqa g‘olibi bo‘ldi. O‘zbekiston bilan bir xil miqdorda oltin medal jamg‘argan Eron sportchilari esa qo‘lga kiritilgan medal umumiy soni bo‘yicha (81 ta) uchinchi o‘rinni egalladi.
Yakuniy reytingda kuchli o‘ntalikdan Saudiya Arabistoni, Misr, Bahrayn, Qozog‘iston, Nigeriya, Marokash va Ozarbayjon delegatsiyalari ham joy oldi.
Mintaqa davlatlari orasida Qirg‘iziston 19 ta medal bilan 14-o‘rinni, Afg‘oniston 3 medal bilan 26-o‘rinni, Tojikiston esa 6 medal bilan 28-o‘rinni egalladi.
O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi mazkur natijani mamlakatning Islom birdamligi sport hamjamiyati ichida yirik sport kuchiga aylanganidan dalolat ekanini ta’kidladi.


