O‘zbekiston xalq artisti Turg‘un Azizov 90 yoshida vafot etdi.
Aktyor 1934 yilning 30 noyabrida Toshkentdagi Saryog‘chi (hozirgi Beshqayrag‘och) mahallasida tug‘ilgan. 1956 yili avvalgi O‘zbekiston Davlat teatr va rassomchilik institutini tamomlab, shu yili hozirgi O‘zbek Milliy akademik drama teatriga ishga qabul qilingan. 33 yoshida O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist unvoni bilan taqdirlangan. 1974 yilda O‘zbekiston xalq artisti unvonini olgan. Shuningdek, u “Mehnat-shuhrati” ordeni (2001 yil) sohibi ham hisoblanadi.
Aktyorga katta shuhrat keltirgan roli "O‘limdan kuchli" spektaklidagi Monserradir. Kinoda Amir Olimxon ("Gang uzra tong"), Bakir (“Maftuningman”), Amir Nasrullo (“Nodirabegim”), Ota Maqsumov ("Uzoq-yaqin yillar"), Mirzakarimboy ("Parol – Regina mehmonxonasi"), Dadaboy ("Qo‘qon voqeasi") kabi obrazlar yaratdi. Liriko-dramatik va romantik plandagi rollarini zo‘r ehtiros va jo‘shqinlik bilan ijro etgan, qahramonlar xarakterini ochishda til boyligidan ustalik bilan foydalangan, oz harakatda ko‘p maʼno anglatishga, qahramonining his-tuyg‘ulari, ichki kechinmalarini tabiiy ifodalashga intilgani eʼtirof etilgan.


