1. Bosh sahifa
  2.  / 
  3. O'zbekiston

O'zbekistonlik fan olimpiada g'oliblari milliarderga aylandi

G‘oliblar va ularning ustozlarini rag‘batlantirish uchun jami 12,4 mlrd so‘mga yaqin mablag‘ ajratildi.

O'zbekistonlik fan olimpiada g'oliblari milliarderga aylandi

Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan nufuzli va mintaqaviy xalqaro fan olimpiadalarida g‘olib bo‘lgan o‘quvchilar hamda ularning ustozlarini taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.

 

Qayd etilishicha, joriy yilda O‘zbekiston terma jamoasi xalqaro fan olimpiadalari tarixida eng yuqori natijani qayd etib, jami 210 ta medalni qo‘lga kiritdi. Ushbu natija yurtimiz yoshlari ilm-fan sohasida izchil olib borilayotgan islohotlarning amaliy samarasidir.

 

Ma’lum qilinishicha, 2025-yilda o‘zbekistonlik o‘quvchilar 29 ta nufuzli va mintaqaviy xalqaro fan olimpiadalarida ishtirok etib, 40 ta oltin, 78 ta kumush va 92 ta bronza, jami 210 ta medalga sazovor bo‘ldi.

 

Xususan, eng nufuzli xalqaro olimpiadalar doirasida jami 13 ta medal qo‘lga kiritilib, yangi rekord qayd etildi. Jumladan:

 

— Birlashgan Arab Amirliklarida 96 davlat ishtirokida o‘tkazilgan Xalqaro kimyo olimpiadasida — 2 ta oltin, 2 ta kumush;

— Avstraliyada 105 davlat ishtirokida o‘tkazilgan Xalqaro matematika olimpiadasida — 4 ta kumush, 1 ta bronza;

— Boliviyada 90 dan ortiq davlat ishtirokida o‘tkazilgan Xalqaro informatika olimpiadasida — 1 ta kumush, 1 ta bronza;

— Parij shahrida 96 davlat ishtirokida o‘tkazilgan Xalqaro fizika olimpiadasida — 2 ta bronza medal qo‘lga kiritildi.

 

Alohida e’tirof etish joizki, Abu Ali ibn Sino nomidagi ixtisoslashtirilgan maktab o‘quvchisi Daler Rahimov bir nechta nufuzli xalqaro olimpiadalardagi oltin medallari uchun jami qariyb 1 milliard 40 million so‘m miqdorida mukofot bilan taqdirlandi. Xuddi shuningdek, ushbu ta’lim muassasasining yana bir o‘quvchisi Mirjahon Muhammadov ham xalqaro olimpiadalardagi yutuqlari uchun qariyb 1 milliard 40 million so‘m mukofotga sazovor bo‘ldi.

 

Shuningdek, O‘zbekiston o‘quvchilari Toshkent shahrida o‘tkazilgan Al-Xorazmiy nomidagi Xalqaro matematika va informatika olimpiadasida 50 ta medal, Abu Rayhon Beruniy nomidagi Xalqaro kimyo olimpiadasida esa 19 ta medal bilan umumjamoa hisobida yetakchi o‘rinni egalladi.

 

Ma’lumot uchun, xalqaro fan olimpiadalarida qo‘lga kiritilgan medallar soni yillar kesimida barqaror o‘sib bormoqda:

 

2019-yilda — 30 ta,

2020-yilda — 25 ta,

2021-yilda — 45 ta,

2022-yilda — 41 ta,

2023-yilda — 96 ta,

2024-yilda — 128 ta medal.

 

Joriy yilda xalqaro fan olimpiadalari g‘oliblari va ularning ustozlarini rag‘batlantirish uchun davlat budjetidan 12 milliard 424 million so‘mga yaqin mablag‘ ajratildi. Bu ko‘rsatkich 2019-yilga nisbatan qariyb 17,5 barobar ko‘pdir.

Kategoriyalar

Bog'lanish uchun

+998 (71) 207-21-28

Elektron manzil

info@zamon.uz

Shahodatnoma

№1346 Berilgan sana: 28.05.2020

Asoschisi

ООО Master Media Production and Broadcast

Tahririyat manzili

Toshkent sh., Amir Temur shoh ko'chasi, 53 uy

Яндекс.Метрика