O‘zbekistonda so‘nggi yillarda qurilgan minglab ko‘p qavatli uy-joylar tekshiruvdan o‘tkazilib, ularning 1 400 dan ortig‘i tegishli ro‘yxatdan o‘tmasdan barpo etilgani ma’lum bo‘ldi. Bu haqda Oliy Majlis Qonunchilik palatasida muhokama qilingan qonun loyihasi doirasida ochiqlandi.
Ma’lum qilinishicha, 2017–2024-yillarda qurilgan hamda 2025-yilda qurilishi rejalashtirilgan va foydalanishga topshirilgan jami 11 834 ta ko‘p kvartirali uy-joyning zilzilabardoshligi xatlovdan o‘tkazilgan. Tekshiruvlar davomida 1 434 ta uy ruxsatsiz qurilgani, 185 ta binoda esa noqonuniy ravishda qo‘shimcha qavatlar qo‘shilgani aniqlangan.
Shuningdek, instrumental texnik tekshiruvlar natijasida 142 ta ko‘p qavatli uyni mustahkamlash zarurligi aniqlangan, bitta bino esa seysmik jihatdan yaroqsiz deb topilgan. Ko‘rilgan choralar doirasida o‘nlab loyiha tashkilotlari faoliyati to‘xtatilgan, ayrimlarining litsenziyasi bekor qilingan hamda yuzlab obyektlar buzdirilgan.
Yangi qonun loyihasida ruxsatsiz ko‘p kvartirali uylar qurishga nisbatan javobgarlikni kuchaytirish nazarda tutilmoqda. Unga ko‘ra, bunday qoidabuzarlik uchun fuqarolarga 164 million so‘mdan, mansabdor shaxslarga esa 185 million so‘mdan ortiq jarima solinishi mumkin. Takroriy holatlarda esa jinoiy javobgarlik belgilanishi rejalashtirilgan.


