O‘zbekistonda 20-noyabrdan buyon “Xavfsiz va sog‘lom mamlakat” keng ko‘lamli operatsiyasi davom etmoqda. So‘nggi 15 kun ichida huquq-tartibot idoralari tomonidan 7 mingdan ortiq reydlar o‘tkazilib, 1200 dan ortiq jinoyat fosh etildi, 800 ga yaqin jinoyat ishi qo‘zg‘atildi hamda 200 dan ortiq shaxs qamoqqa olindi.
Ichki ishlar vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, 4000 ga yaqin fuqaro majburiy davolanishga yuborilgan, 36 mingdan ortiq fuqaro sog‘lomlashtirish markazlariga, 300 dan ortig‘i reabilitatsiyaga jalb etilgan.
Reydlarning asosiy yo‘nalishini giyohvand moddalar muomalasiga qarshi kurash tashkil etadi. Operatsiyaning dastlabki 15 kunida 240 kilogrammdan ortiq noqonuniy modda musodara qilindi. Ichki ishlar vazirligining ta’kidlashicha, ushbu yo‘nalishda qo‘shni davlatlar bilan hamkorlik muhim ahamiyatga ega.
Profilaktika ishlari ham kuchaytirilgan bo‘lib, maktab va mahallalarda o‘quv mashg‘ulotlari o‘tkazilmoqda, yoshlarning bandligini ta’minlash choralari ko‘rilmoqda. Shuningdek, videokuzatuv tizimi kengaytirilib, 1700 dan ortiq obyekt qo‘shimcha ravishda kameralar bilan jihozlanmoqda.
Mutasaddi organlar mazkur operatsiyaning asosiy maqsadi huquqbuzarliklarning oldini olish, jamoat xavfsizligini mustahkamlash va jinoyatchilikni kamaytirish ekanini qayd etmoqda.


