1. Bosh sahifa
  2.  / 
  3. O'zbekiston

O‘zbekistonda 2 yilda 47 ta poligon rekultivatsiya qilindi, 243 gektar yer tabiiy holatiga qaytarildi

2030-yilgacha poligonlar soni 50 foizga kamaytiriladi; 9 hududda chiqindilarni termik qayta ishlash loyihalari amalga oshiriladi.

O‘zbekistonda 2 yilda 47 ta poligon rekultivatsiya qilindi, 243 gektar yer tabiiy holatiga qaytarildi

 

27-noyabr kuni Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi huzuridagi Chiqindilarni boshqarish va sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish agentligi direktori Sharifbek Hasanov ishtirokida brifing o‘tkazildi. Tadbirda chiqindilarni boshqarish, ekologik-sanitariya xavfsizligini ta’minlash hamda sohada amalga oshirilayotgan islohotlar bo‘yicha holat tahlil qilindi.

 

Brifingda ta’kidlanganidek, 2024–2025 yillarda respublikada 47 ta maishiy chiqindi poligoni rekultivatsiya qilinib, 243 gektarga yaqin yer tabiiy holatiga qaytarildi. Joriy yilning yanvar-oktabr oylarida chiqindi poligonlariga 2,6 mln tonna chiqindi qabul qilindi va qabul imkoniyati kunlik 13 ming tonnagacha oshirildi. Shu bilan birga, 22 ta maxsus texnika lizing sharti bilan xarid qilinib, hududiy poligonlarga yetkazildi, texnika soni 333 taga yetkazildi, 218 ta texnikaga GPS qurilmalari o‘rnatildi.

 

Agentlik tomonidan chiqindi poligonlari atrofida 1,2 mln tup daraxt va buta ekilib, ichki yo‘llar shag‘allashtirildi, ariq va lotoklar tozalandi. “Tozalik va ozodalik” oyligi doirasida jami 422 ming tonnadan ortiq chiqindi tozalandi. Shu bilan birga, hududlarda 448 mingta huquqbuzarlik aniqlanib, tegishli choralar ko‘rildi.

 

Kelgusida 2030-yilgacha maishiy chiqindi poligonlari soni kamida 50 foizga qisqartiriladi. Shuningdek, 9 ta hududda chiqindilarni termik qayta ishlash orqali elektr energiyasi ishlab chiqarish loyihalari amalga oshiriladi. Bu loyihalar natijasida yiliga 2 mlrd kVt/soat elektr energiyasi ishlab chiqarilishi va 1400 ta yangi ish o‘rinlari yaratilishi rejalashtirilgan.

 

Agentlik tomonidan sanitar tozalash korxonalari faoliyati monitoring qilinib, reyting tizimi joriy etildi. Joriy yilning aprel-noyabr oylarida 105 ta korxona baholandi: 41 tasi “yashil”, 53 tasi “sariq”, 11 tasi “qizil” toifaga kiritildi. Qoidalarni buzgan korxonalar bilan chora ko‘rildi va shartnomalar bir tomonlama bekor qilinishi mumkinligi ma’lum qilindi.

 

Brifing yakunida Sharifbek Hasanov Agentlik tomonidan chiqindilarni boshqarish va ekologik barqarorlikni ta’minlash bo‘yicha izchil ishlar davom ettirilayotganini ta’kidladi.

Kategoriyalar

Bog'lanish uchun

+998 (71) 207-21-28

Elektron manzil

info@zamon.uz

Shahodatnoma

№1346 Berilgan sana: 28.05.2020

Asoschisi

ООО Master Media Production and Broadcast

Tahririyat manzili

Toshkent sh., Amir Temur shoh ko'chasi, 53 uy

Яндекс.Метрика