2025 yil davomida O‘zbekistonda vafot etganlar soni har bir chorakda izchil oshib borgan. Milliy statistika qo‘mitasi e’lon qilgan rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, ayniqsa yilning to‘rtinchi choragida bu ko‘rsatkich keskin yuqorilab, birinchi chorakdagi raqamlardan bir necha barobar ko‘pni tashkil etgan.
Statistik tahlillarga ko‘ra, o‘limlar sonining bunday o‘sishiga iqlim va ob-havo omillari sezilarli ta’sir ko‘rsatgan bo‘lishi mumkin. Xususan, o‘tgan yil may oyidan boshlab kuzatilgan past bosimli termik tushkunliklar, kuz faslidagi antisiklonlar hamda dekabr oyidagi nam va beqaror ob-havo sharoitlari aholi salomatligiga salbiy ta’sir qilgani qayd etilmoqda.
Mutaxassislar ta’kidlashicha, yozgi issiqlik stresslari va qish mavsumidagi nam havo oqimlari qon bosimi bilan bog‘liq kasalliklarning kuchayishiga olib keladi. Bu holat, ayniqsa, yurak-qon tomir xastaliklariga moyil bo‘lgan keksalar orasida miokard infarkti va yurak ishemik kasalliklari xavfini oshiradi.


