1. Bosh sahifa
  2.  / 
  3. O'zbekiston

O‘zbekistonda 2026-yildan isteʼmol kreditlariga yangi cheklovlar joriy etiladi

Endilikda kredit miqdori fuqaroning rasmiy daromadiga bog‘lanadi.

O‘zbekistonda 2026-yildan isteʼmol kreditlariga yangi cheklovlar joriy etiladi

 

2026-yil 1-martdan boshlab O‘zbekistondagi banklar uchun yangi tartib joriy etiladi. Unga ko‘ra, jismoniy shaxslar olishi mumkin bo‘lgan isteʼmol krediti yoki mikrokreditning maksimal miqdori ularning rasmiy daromadiga bevosita bog‘lanadi.

 

Agar bank mijozning o‘rtacha oylik daromadini aniqlay olsa (jumladan, ish haqi bank kartasi orqali olinishi, rasmiy ish joyidan maʼlumotnoma mavjud bo‘lishi va boshqa holatlarda), fuqaro sakkiz oylik daromadidan oshmaydigan miqdorda isteʼmol krediti yoki mikrokredit olish huquqiga ega bo‘ladi. Masalan, agar fuqaroning oylik daromadi 5 million so‘mni tashkil etsa, u 40 million so‘mgacha kredit olishi mumkin.

 

Agar fuqaroning daromadini aniqlash qiyin yoki imkonsiz bo‘lsa (jumladan, norasmiy bandlik holatlarida), kreditning maksimal miqdori oylik daromadning besh baravaridan oshmasligi lozim. Xususan, oyiga 5 million so‘m daromad oluvchi shaxs bunday holatda ko‘pi bilan 25 million so‘m kredit olishi mumkin.

 

Mazkur cheklovlar yakka tartibdagi tadbirkorlar uchun ajratiladigan kreditlarga hamda taʼlim kreditlariga tatbiq etilmaydi.

 

Yangi qoidalar aholining o‘z moliyaviy imkoniyatlaridan ortiqcha qarz olishining oldini olish, qaytarilmayotgan kreditlar ulushini kamaytirish va bank tizimi barqarorligini mustahkamlashga qaratilgan.

 

Qayd etilishicha, ushbu qarorni qabul qilishga kredit oluvchilar sonining keskin oshib borayotgani ham sabab bo‘lgan. Markaziy bank maʼlumotlariga ko‘ra, 2025 yil 1 iyun holatiga kelib, 1,4 million nafar fuqaro (jami qarz oluvchilarning 27 foizi) ikki yoki undan ortiq kreditga ega bo‘lgan. Shuningdek, qarz oluvchilarning 11 foizi uch va undan ortiq kredit olgan. Umuman olganda, mamlakat iqtisodiy faol aholisining 33 foizi, yaʼni qariyb 5 million kishi turli kredit majburiyatlariga ega.

Kategoriyalar

Bog'lanish uchun

+998 (71) 207-21-28

Elektron manzil

info@zamon.uz

Shahodatnoma

№1346 Berilgan sana: 28.05.2020

Asoschisi

ООО Master Media Production and Broadcast

Tahririyat manzili

Toshkent sh., Amir Temur shoh ko'chasi, 53 uy

Яндекс.Метрика