Markaziy bankning ma’lumotlariga ko‘ra, 2025-yil iyun oyida O‘zbekiston fuqarolari tomonidan xorijiy valyuta bo‘yicha rekord darajadagi operatsiyalar amalga oshirilgan.
Xususan, aholining banklardan 1,1 milliard AQSH dollari xarid qilgani qayd etildi. Bu ko‘rsatkich respublika tarixida birinchi marta 1 milliard dollarlik xarid chegara chizig‘idan oshdi. Taqqoslash uchun, 2024-yil iyun oyida bu raqam 697 million dollar bo‘lgan.
Bundan tashqari, aholi tomonidan banklarga 1,7 milliard dollardan ortiq valyuta sotilgani ham iyun oyining eng yuqori ko‘rsatkichlaridan biri bo‘ldi. O‘tgan yilning shu davrida esa bu ko‘rsatkich 1,3 milliard dollarni tashkil etgan.
Umumiy hisobda, 2025-yilning birinchi yarmida fuqarolar 9 milliard dollardan ortiq valyutani sotgan, 5,3 milliard dollarni esa sotib olgan. Bu o‘tgan yilgi ko‘rsatkichlarga (sotuv – 7,1 mlrd, xarid – 4,5 mlrd dollar) nisbatan sezilarli o‘sishni ko‘rsatmoqda.


