O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 19-noyabrdagi qaroriga muvofiq, mamlakatda atrof-muhit monitoringi tizimi yanada kuchaytirilmoqda. Qarorga ko‘ra, atrof-muhitga salbiy ta’siri bo‘lgan I va II toifaga kiruvchi sanoat korxonalari 2026-yil 1-martgacha fon monitoringi stansiyalarini o‘z binolarida o‘rnatishi shart.
Monitoring stansiyalari Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi qoshida tashkil etilayotgan Atrof-muhit monitoringi milliy markazi bilan integratsiyalashgan bo‘lishi lozim. Ushbu choralar korxonalarning atrof-muhitga ta’sirini real vaqt rejimida kuzatish va nazorat qilish imkonini beradi.
Talablarga rioya qilmagan korxonalar uchun atrof-muhitga yetkazilgan zararni qoplash to‘lovlari besh baravar oshiriladi, bu esa ekologik intizomni mustahkamlash va zararli faoliyatni kamaytirishga xizmat qiladi.
Shuningdek, mamlakatda 2026-yil 1-sentabrgacha Yagona onlayn-ekologik platforma ishga tushiriladi. Bu platforma orqali ekologik vaziyat to‘g‘risidagi barcha ma’lumotlar markazlashtirilgan holda yig‘iladi va monitoring qilinadi.
Ma’lumotnoma uchun, Fon monitoringi stansiyasi — bu atrof-muhit ifloslanishini tizimli ravishda o‘lchash va nazorat qilish uchun maxsus mo‘ljallangan kuzatuv punkti bo‘lib, u mahalliy antropogen (inson) ta’siridan minimal darajada ta’sirlangan hududlarda joylashtiriladi.


