1. Bosh sahifa
  2.  / 
  3. O'zbekiston

O‘zbekistonda ayrim turdagi pirotexnika vositalariga ruxsat beriladi

Yangi qonunga ko‘ra xavflilikning I sinfiga kiruvchi pirotexnika vositalaridan foydalanish va saqlashga ruxsat beriladi.

O‘zbekistonda ayrim turdagi pirotexnika vositalariga ruxsat beriladi

 

O‘zbekistonda pirotexnika buyumlarining muomalasini tartibga soluvchi yangi qonun qabul qilindi. 13-yanvar kuni “Pirotexnika buyumlarining muomalasi to‘g‘risida”gi qonun tasdiqlanib, pirotexnika vositalarini ishlab chiqarish, saqlash va ulardan foydalanishning aniq tartibi belgilandi.

 

Qonun O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan bo‘lib, unga ko‘ra pirotexnika buyumlari pirotexnik tarkibning yonishi yoki portlashi natijasida optik, akustik, elektr va boshqa vizual effektlarni hosil qilishga mo‘ljallangan qurilmalar hisoblanadi.

 

Hujjatda pirotexnika buyumlari xavflilik darajasiga qarab I dan V sinfgacha tasniflangan. Bunda xavflilik zonasi hamda atrof-muhit va inson salomatligiga yetkazilishi mumkin bo‘lgan zarar darajasi asosiy mezon sifatida belgilangan.

 

Qonunga muvofiq, O‘zbekiston hududida faqat xavflilikning I sinfiga kiruvchi pirotexnika buyumlarini jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan ishlab chiqarish, tayyorlash, olib kirish, tashish, sotish, sotib olish, saqlash va qo‘llashga ruxsat etiladi. Mazkur toifadagi pirotexnika vositalari nisbatan xavfsiz deb baholanadi.

 

Shu bilan birga, xavflilikning II–V sinflariga mansub pirotexnika buyumlarini ishlab chiqarish, O‘zbekiston hududiga olib kirish, tashish, jo‘natish, sotish, saqlash hamda ulardan foydalanish qatʼiyan taqiqlanadi. Ushbu cheklov aholi xavfsizligini taʼminlash va noxush hodisalarning oldini olishga qaratilgan.

 

Pirotexnika buyumlarining muomalasi ustidan davlat nazorati O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi, ichki ishlar va bojxona organlari tomonidan amalga oshiriladi. Mazkur idoralar qonun talablariga rioya etilishi ustidan monitoring olib boradi.

 

Qonun rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran uch oy o‘tgach kuchga kiradi.

Kategoriyalar

Bog'lanish uchun

+998 (71) 207-21-28

Elektron manzil

info@zamon.uz

Shahodatnoma

№1346 Berilgan sana: 28.05.2020

Asoschisi

ООО Master Media Production and Broadcast

Tahririyat manzili

Toshkent sh., Amir Temur shoh ko'chasi, 53 uy

Яндекс.Метрика