Bugun, 12-dekabr kuni “Kuz-qish mavsumida iste’molchilarni avtobenzin mahsulotlari bilan uzluksiz ta’minlash va ularning narxlari keskin oshishining oldini olish chora-tadbirlari to‘g‘risida” Prezident qarori qabul qilindi.
Qarorga ko‘ra, iste’molchilarning avtobenzin mahsulotlariga bo‘lgan ehtiyojini o‘z vaqtida ta’minlash, ularning narxlarini barqarorlashtirish hamda aholining ortiqcha sarf-xarajatlarini qisqartirish maqsadida Energetika vazirligi, Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi, Moliya vazirligi hamda Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasining 2022-yil 10-dekabrdan 2023-yil 1-martga qadar import qilinadigan, mahalliy korxonalar tomonidan ishlab chiqariladigan va tadbirkorlik subyektlari tomonidan yakuniy iste’molchilarga sotiladigan AI-80 rusumli avtobenzin mahsuloti uchun, istisno tariqasida, aksiz solig‘ini “nol” stavkada qo‘llash to‘g‘risidagi taklifiga rozilik beriladi.
2022-yil 10-dekabrdan 2023-yil 1-aprelga qadar Energetika vazirligi huzuridagi Neft mahsulotlari va gazdan foydalanishni nazorat qilish inspeksiyasi hamda Elektr energetikada nazorat inspeksiyasi tomonidan, istisno tariqasida, Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil bilan kelishmasdan tadbirkorlik subyektlarini ularning moliyaviy-iqtisodiy faoliyatiga aralashmagan holda energiya resurslaridan noqonuniy va samarasiz foydalanish holatlari bo‘yicha tekshirishga ruxsat beriladi.
Neft mahsulotlari va gazdan foydalanishni nazorat qilish inspeksiyasi hamda Elektr energetikada nazorat inspeksiyasi o‘tkaziladigan tekshiruvlar natijalari bo‘yicha avtobenzin mahsulotlarining ortiqcha yo‘qotishlariga va talon-torojliklarga yo‘l qo‘ygan mansabdor shaxslarga nisbatan qonunchilik hujjatlarida belgilangan jazo choralarini qo‘llash, shuningdek, ularning faoliyatiga huquqiy baho berish yuzasidan huquqni muhofaza qiluvchi organlarga taqdimnomalar kiritib boriladi.


