28-noyabr kuni poytaxtdagi Xalqaro kongress markazida byurokratiyani bartaraf etishga bag‘ishlangan xalqaro forum o‘z ishini boshladi. Tadbirda O‘zbekiston va BAA hukumatlari, xalqaro tashkilotlar hamda davlat xizmati sohasidagi yetakchi ekspertlar ishtirok etdi.
Ochilish marosimida so‘zga chiqqan Prezident Shavkat Mirziyoyev BAA Hukumat ishlari bo‘yicha vaziri Muhammad bin Abdulloh al-Gargaviyga forumni tashkil etishga ko‘rsatgan ko‘magi uchun minnatdorlik bildirdi va BAA xalqini yaqinlashib kelayotgan milliy bayrami bilan tabrikladi.
Davlat rahbari nutqida mamlakatda “Xalq davlat idoralariga emas, davlat idoralari xalqimizga xizmat qilishi kerak” degan tamoyil asosida keng ko‘lamli islohotlar olib borilayotganini ta’kidladi.
So‘nggi yillarda byurokratiyani qisqartirish bo‘yicha 9 ta hujjat qabul qilindi, davlat xizmatlari tizimi to‘liq raqamlashtirilmoqda. Xususan, 2017-yildagi 444 ta xizmat o‘rniga bugungi kunda 1 040 ta xizmat ko‘rsatilmoqda, ulardan 90 dan ortig‘i proaktiv yoki kompozit shaklda taqdim etilmoqda. Tug‘ilish bilan bog‘liq xizmatlarning yagona paketga birlashtirilishi har yili 1 millionga yaqin fuqaroga qulaylik yaratmoqda.
Raqamlashtirish natijasida 30 ta xizmat real vaqt rejimida ko‘rsatilmoqda, yil davomida 8 millionga yaqin xizmat avtomatik tarzda amalga oshirildi. Elektron hujjat almashuvi orqali aholining yillik xarajatlarida 23 milliard so‘m tejashga erishildi.
Biznes uchun ham qulayliklar kengaytirilib, 160 dan ortiq litsenziya va ruxsatnomalar bekor qilindi. 150 dan ziyod ruxsatnoma elektron shaklda taqdim etilmoqda, 140 turdagi hujjatlarni talab qilish amaliyoti bartaraf etildi.
Prezident forumda yangi Byurokratiyani bartaraf etish dasturi ishga tushirilganini ma’lum qildi. Dasturga ko‘ra:
- 2030-yilgacha barcha davlat xizmatlari 1,5 mingga yetkaziladi;
- elektron xizmatlar ulushi 95 foizga yetadi;
- kelgusi yilning o‘zida 250 ta xizmat elektron shaklga o‘tkaziladi;
- 40 million hujjatdan 25 millioni raqamlashtiriladi;
- proaktiv va kompozit xizmatlar soni 400 taga yetkaziladi;
- 100 dan ortiq davlat xizmati ko‘rsatish muddati 50 foizga qisqartiriladi.
Litsenziyalash, kommunal tarmoqlarga ulanish va qurilish sohasidagi 300 dan ortiq jarayon soddalashtiriladi. Kommunal tarmoqlarga ulanish yagona ariza orqali amalga oshiriladi.
Portal, “Litsenziya” tizimi, “Yagona darcha” va koll-markazlar to‘liq sun’iy intellektga o‘tkaziladi. Vazirlik va idoralar faoliyati maxsus platforma orqali baholanadi, eng yaxshi natija ko‘rsatgan xodim va tashkilotlar rag‘batlantiriladi.
Dasturga aholining taklif va tashabbuslarini jalb etish maqsadida 3 million dollarlik mukofot jamg‘armasi tashkil etildi.
Prezident forum davomida “Inson qadri uchun” tamoyili barcha islohotlarning negizi ekanini ta’kidlab, xalq va davlat o‘rtasidagi muloqotni yanada yaqinlashtiruvchi, qulay va shaffof ekotizim yaratish zarurligini qayd etdi.


