O‘zbekistonda xorijiy fuqarolar uchun davlat tilini bilish darajasini tasdiqlovchi majburiy sertifikatlash tizimi joriy etilmoqda. Vazirlar Mahkamasining tegishli qaroriga asosan “Davlat tilini bilish darajasini aniqlash va xorijiy fuqarolarga sertifikatlar berish tartibi to‘g‘risida”gi nizom tasdiqlandi.
Yangi tartib 2026-yil bahoridan boshlab bosqichma-bosqich kuchga kiradi. Jumladan, 2026-yil 1-martdan eʼtiboran chet ellik fuqarolar o‘zbek tilini bilishning A1, A2 va B1 darajalari bo‘yicha imtihon topshirish imkoniyatiga ega bo‘ladi. 2027-yil mart oyidan esa sertifikatlash tizimi kengaytirilib, B2, C1 va C2 darajalari bo‘yicha testlar ham joriy etiladi.
Mazkur imtihonlarni tashkil etish va o‘tkazish Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Bilim va malakani baholash agentligi tomonidan amalga oshiriladi.
Shuningdek, yangi tartib fuqarolikka qabul qilish jarayonlariga ham taalluqlidir. 2026-yil 1-apreldan boshlab B1 darajasidagi o‘zbek tili sertifikatiga ega xorijiy fuqarolar O‘zbekiston fuqaroligini olishda til imtihonidan ozod etiladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonda universitetga kirishda B1 darajali sertifikatga ham imtiyoz berilishi haqida xabar berilgan edi.


