O‘zbekistonda dafn marosimlarini rasmiylashtirish jarayoni to‘liq raqamlashtiriladi. Hukumat qaroriga muvofiq, mazkur yo‘nalishda yagona elektron tizim yaratilib, fuqarolar uchun jarayonlarning tezkor va shaffof bajarilishi ta’minlanadi.
2026-yil 1-iyunga qadar Dafn marosimi xizmatlarining yagona elektron reyestri hamda uning mobil ilovasi ishlab chiqiladi. Ushbu platforma dafn marosimiga oid ruxsatnomalarni berish, jarayonlarni ro‘yxatdan o‘tkazish va barcha ma’lumotlarni elektron shaklda yuritishni avtomatlashtiradi.
Shuningdek, 2026-yil 1-martdan boshlab fuqaroning o‘limi qayd etilgach, ularning yaqinlariga QR-kodli elektron o‘lim guvohnomasi my.gov.uz portalidagi shaxsiy kabinetga avtomatik va bepul yuboriladi. Ushbu hujjat qog‘oz shaklidagi guvohnoma bilan teng kuchga ega bo‘ladi.
2026-yil 1-iyuldan 31-dekabrgacha Toshkent shahrida yangi tartib sinov tariqasida joriy etiladi. Bu davrda dafn qilish uchun ruxsatnomalar faqat elektron tizim yoki mobil ilova orqali beriladi, qabristonlar esa qog‘oz shaklidagi hisob-kitobdan to‘liq voz kechadi.
Yangi tizimning joriy etilishi xizmat ko‘rsatish jarayonida shaffoflikni oshirish, byurokratik bosqichlarni qisqartirish va marhumning yaqinlari uchun qulayliklar yaratishga xizmat qiladi. Toshkent shahridagi tajriba muvaffaqiyatli yakunlangach, tizim butun respublika bo‘ylab tatbiq etilishi rejalashtirilgan.


