O‘zbekistonda fuqarolar va yuridik shaxslarning murojaatlarini ko‘rib chiqishda davlat idoralari faoliyatini baholash tizimi joriy etiladi. Bu haqda Adliya vazirligi maʼlum qildi.
Mazkur tartibga ko‘ra, davlat organlari, davlat muassasalari, davlat ulushi mavjud tashkilotlar hamda ularning mansabdor shaxslari faoliyatini baholash va tasniflash mexanizmi belgilandi. Ushbu tizim, avvalo, Prezidentning virtual qabulxonasi orqali kelib tushgan murojaatlar bilan ishlash samaradorligini aniqlashga qaratilgan.
Qarorga muvofiq, murojaatlar bilan ishlash jarayonida quyidagi ko‘rsatkichlar tahlil qilinadi:
ro‘yxatdan o‘tkazilgan murojaatlar soni;
ijobiy hal qilingan murojaatlar;
rad etilgan murojaatlar;
belgilangan muddat buzilgan murojaatlar;
takror kelib tushgan murojaatlar.
Tahlil natijalari asosida davlat organlari faoliyati uch toifaga ajratiladi:
yashil toifa – yuqori samaradorlik;
sariq toifa – o‘rtacha natija;
qizil toifa – past samaradorlik.
Shuningdek, baholash natijalari asosida davlat xizmatchilari uchun KPI ko‘rsatkichlari belgilanadi. Unga ko‘ra, yashil toifadagi tashkilotlar uchun ko‘rsatkich 100 foiz, sariq toifa uchun 50 foiz, qizil toifa uchun esa 10 foiz etib belgilanadi.
Alohida qayd etilishicha, faoliyati “qizil” toifaga tushgan davlat idoralari rahbarlari yoki ularning o‘rinbosarlariga nisbatan intizomiy choralar qo‘llanishi mumkin.


