O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmoniga muvofiq, davlat organlari xodimlarining korrupsiyaga qarshi barqarorlik darajasini baholash tizimi joriy etiladi. Ushbu tizim “Davlat xizmatida boshqaruv samaradorligini yanada oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi hujjatda belgilangan.
Farmonga ko‘ra, diagnostika quyidagi tartibda o‘tkaziladi:
- 2026-yil 1-yanvardan — korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tuzilmalarining rahbar va mas’ul xodimlari hamda ushbu lavozimlarga nomzodlar;
- 2026-yil 1-iyundan — sohalar nazoratiga mas’ul inspeksiyalarda korrupsiyaviy xavf-xatar darajasi “yuqori” va “o‘rta” bo‘lgan lavozimlarda faoliyat yuritayotgan xodimlar va nomzodlar;
- 2027-yil 1-yanvardan — boshqa davlat organlarida korrupsiyaviy xavf-xatar darajasi “yuqori” va “o‘rta” bo‘lgan lavozimlarda ishlayotgan xodimlar va nomzodlar.
Diagnostikani Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligining buyurtmasi bilan Rahbar kadrlarni baholash markazi amalga oshiradi. Natijalar asosida xodimning korrupsiyaga barqarorlik darajasi “past” deb baholansa, u ushbu lavozimda faoliyat yuritishda davom eta olmaydi va boshqa lavozimga rotatsiya qilinadi.
Shuningdek, Farg‘onada 2026-yil 1-yanvardan “Yangi O‘zbekiston qiyofasidagi tuman (shahar)” maqomidagi 33 ta hudud hokimliklarida natijaga asoslangan boshqaruv tizimi sinov tariqasida joriy etiladi. Shu kunda kadrlar rotatsiyasi tizimi ham yo‘lga qo‘yiladi: tuman va shahar bo‘linma rahbarlari, hokim va uning o‘rinbosarlari har 5 yilda boshqa tuman yoki shaharga rotatsiya qilinadi.
Bu chora-tadbirlar davlat boshqaruvidagi shaffoflikni oshirish, korrupsiyaga qarshi barqarorlikni ta’minlash hamda kadrlar samaradorligini oshirishga xizmat qiladi.


