2026-yil 1-apreldan boshlab O‘zbekistonda ekologiya sohasidagi qoidabuzarliklar uchun moliyaviy sanksiyalar faqat yuridik shaxslarga nisbatan qo‘llanadi. Bu tartib Prezidentning 18-noyabr kuni imzolangan qarorida belgilandi.
Unga ko‘ra, ekologik qoidabuzarlik sodir etilgan taqdirda jarimani kompaniyaning o‘zi to‘lasa, ushbu holat uchun xodimlar alohida javobgarlikka tortilmaydi. Biroq jarima to‘langanligi yoki ogohlantirish berilganligi yuridik shaxsni Milliy ekologiya qo‘mitasi talablari va boshqa majburiy normalarni bajarmaslikdan ozod qilmaydi.
Yuridik shaxslarga nisbatan moliyaviy sanksiya qo‘llanadigan ekologik huquqbuzarliklar quyidagilardan iborat:
- daryo o‘zanlarini tozalash va qirg‘oqlarni mustahkamlash tartibining buzilishi;
- suv resurslarini muhofaza qilish qoidalariga amal qilmaslik;
- daraxt va butalarni noqonuniy kesish yoki yo‘q qilish, shuningdek ularni asrash choralarini ko‘rmaslik;
- atmosferaga zararli moddalarni chiqarish;
- qurilish obyektlarida havo muhofazasi talablarini buzish;
- yoqilg‘i, xomashyo yoki chiqindilarni yoqish standartlarini buzish;
- chiqindilarni boshqarish tartib-qoidalariga rioya qilmaslik.
Shuningdek, avvalroq O‘zbekistonda Davlat ekologik nazorat inspektsiyasi — atrof-muhit politsiyasi faoliyati yo‘lga qo‘yilgani ma’lum qilingan edi. Inspektsiya xodimlariga jismoniy kuch qo‘llash, elektr toki beruvchi vositalar, rezina o‘qlar va to‘rli qurollardan foydalanish kabi vakolatlar berilgan.


