O‘zbekistonda startap ekotizimini rivojlantirishga qaratilgan yangi mexanizmlar joriy etiladi. Bu “Startaplarni qo‘llab-quvvatlashning kompleks ekotizimini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident qarori (PQ–59-son, 2026-yil 11-fevral) bilan belgilandi.
Qarorga ko‘ra, 2026/2027-o‘quv yilidan boshlab o‘rta maxsus va kasbiy taʼlim muassasalari o‘quvchilari hamda umumiy o‘rta taʼlim maktablarining 9–11-sinf o‘quvchilari uchun har oy kamida ikki marotaba startap g‘oyalarini yaratishga o‘rgatuvchi “Mohirlik va biznes soati” tadbirlari o‘tkazib boriladi.
Mazkur tashabbus doirasida:
- o‘quvchilar o‘rtasida “Eng yaxshi startap g‘oyasi” tanlovi tashkil etiladi. Tuman bosqichi g‘oliblariga 5 mln so‘mgacha, viloyat bosqichi g‘oliblariga esa 10 mln so‘mgacha mukofot beriladi;
- startap loyihalari har chorakda ota-onalar, biznes va ilmiy hamjamiyat vakillariga taqdim etiladi;
- marketplase platformalari bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yilib, taʼlim muassasalarida yaratilgan mahsulotlarni sotish tizimi joriy etiladi.
Shuningdek, 2026-yil 1-apreldan boshlab muammo va masalalarni kraudsorsing asosida hal qilish tizimi joriy etiladi. Unga ko‘ra, davlat organlari va tashkilotlari yechim talab qiladigan muammolar bo‘yicha elektron platformalarda tanlovlar eʼlon qiladi hamda har oy startap tashabbuskorlari bilan “Startap kuni” uchrashuvlarini o‘tkazadi.


