14-avgust kuni e’lon qilingan prezident farmoniga ko‘ra, O‘zbekistonga olib kelingan falastinliklarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida maxsus jamg‘arma tashkil etiladi. 2024-yil 26-dekabrda Rafahdan evakuatsiya qilingan 100 nafar yaralangan ayol va bola mamlakatdagi shifoxona hamda reabilitatsiya markazlariga joylashtirilgan, tibbiy yordam va dori-darmonlar bilan ta’minlangan edi.
Farmonga muvofiq, mehmonlarga yashash nafaqasi, ijara xarajatlarini qoplash, bir martalik moddiy yordam, bepul ta’lim va kasb-hunar kurslari kabi ijtimoiy imtiyozlar beriladi. Mahalla darajasida “mahalla yettiligi” va “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlari mehmonlarning moslashuv jarayonida bevosita yordam ko‘rsatadi. Shuningdek, ularning bandligini ta’minlash uchun kasb-hunar o‘qishlari va tadbirkorlik dasturlarida ishtirok etish imkoniyati yaratiladi.
Maxsus jamg‘arma yuridik va jismoniy shaxslarning xayriyalari, xalqaro tashkilotlar grantlari hamda qonunda taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan shakllantiriladi. Mablag‘lar Respublika komissiyasi qaroriga binoan ochiq va maqsadli sarflanadi, jumladan, uy-joy, tibbiy xizmat, ta’lim va boshqa ijtimoiy yordamlarni moliyalashtirishga yo‘naltiriladi.
O‘zbekiston rahbariyati Falastindagi inqirozni xalqaro huquq normalari asosida tinch yo‘l bilan hal qilish tarafdori ekanini ta’kidlab kelmoqda. Mamlakat bundan avval ham gumanitar yordam sifatida 1,5 million dollar ajratgan va xalqaro hamjamiyatni o‘t ochishni to‘xtatish hamda tinchlik muzokaralarini boshlashga chaqirgan.


