Joriy yil fevral oyi oxirigacha davlat tomonidan xarid qilingan 520 ming doza grippga qarshi vaksina hududlarga yetkazilib, MTT tarbiyalanuvchilarini emlash ishlari bosqichma-bosqich amalga oshiriladi. Bu haqda Sanitariya-epidemiologiya qo‘mitasi matbuot xizmati xabar berdi.
Mutaxassislar taʼkidlashicha, maktabgacha yoshdagi bolalar gripp virusiga nisbatan eng himoyasiz qatlamlardan biri hisoblanadi. Bolalar jamoa muhitida ko‘p vaqt o‘tkazgani sababli virus tez tarqalishi mumkin.
Emlash ishlari, avvalo, bolalarda pnevmoniya, bronxit, otit kabi og‘ir asoratlarning oldini olishga, shuningdek, maktabgacha taʼlim tashkilotlarida ommaviy kasallanish holatlarini kamaytirishga xizmat qiladi.
Shuningdek, mutaxassislar gripp viruslari fevral–mart oylarida ham faol aylanishda bo‘lishini qayd etmoqda. Emlashdan keyin odatda 10–14 kun ichida organizmda immunitet shakllanadi va bola mavsum oxirigacha himoyalanishi mumkin.
Emlash jarayonlari tibbiy ko‘rik asosida amalga oshiriladi. Shifokorlar tomonidan sog‘lom deb topilgan bolalar grippga qarshi emlanadi.


