Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan buyuk davlat arbobi, mohir sarkarda, ilm-fan, madaniyat va san’at homiysi Sohibqiron Amir Temur tavalludining 690 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida qaror imzolandi.
Qarorga muvofiq, 2026-yilda Sohibqiron Amir Temur tavalludining 690 yilligi yurtimiz bo‘ylab keng nishonlanadi. Shuningdek, har yili aprel oyi “Amir Temur oyligi” deb e’lon qilinadi. Ushbu oy davomida umumta’lim maktablari, professional va oliy ta’lim muassasalari, harbiy qismlar, korxona va tashkilotlar hamda mahallalarda temurshunos olimlar, yozuvchilar, san’atkorlar ishtirokida ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar tashkil etiladi.
Bundan tashqari, temuriylar davri tarixini tizimli o‘rganish, ilmiy tadqiqotlarni rivojlantirish hamda natijalarni keng targ‘ib etish bo‘yicha 2030-yilgacha mo‘ljallangan kompleks “yo‘l xaritasi” tasdiqlandi. Uning doirasida xalqaro ilmiy konferensiyalar o‘tkazish, temuriylar davriga oid ilmiy va ilmiy-ommabop asarlarni chop etish, noyob qo‘lyozmalarni o‘rganish va jamlash, tarixiy-badiiy hamda hujjatli filmlar yaratish va namoyish etish rejalashtirilgan.
Shuningdek, “Buyuk temuriylar” atamasini xalqaro ilmiy istiloh sifatida joriy etish, Temuriylar tarixi davlat muzeyini zamonaviy talablarga mos ravishda rekonstruksiya qilish, yangi ekspozitsiyalar yaratish, muzey faoliyatini raqamlashtirish ishlari amalga oshiriladi.
Sohibqiron Amir Temur tavalludining 690 yilligiga bag‘ishlangan tadbirlarni yuqori saviyada tashkil etish maqsadida maxsus tashkiliy qo‘mita tuzildi. Mazkur qaror ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri zimmasiga yuklatildi.


