Sog‘liqni saqlash sohasida homiladorlikni ro‘yxatga olish tizimi raqamlashtirildi. Bu haqda vazirlik Matbuot xizmati xabar qildi.
Qayd etilishicha, o‘tgan 6 oy davomida O‘zbekistonda bolalar audioskriningi va immunizasiyasi tizimi raqamlashtirilib, tug‘ilish-o‘lim axborot tizimi takomillashtirilgan. Shuningdek, tibbiyot axborot tizimlarining “IT-Med” mobil ilovasi ishga tushirilgan.
«‘Elektron tibbiyot’ tizimining afzalliklari juda ko‘p. Avvalo, vaqt va mablag‘ tejaladi. Ish samaradorligi ortadi. Ovoragarchiliklarga chek qo‘yiladi. Albatta, bundan bemorlar ham, tibbiyot xodimlari ham, davlat ham birdek manfaatdor», — deyiladi xabarda.
Ayni paytda sohada “Telemedisina”, “MIS”, “SMS-xabarnoma”, “Muassasalar pasporti”, “Yagona tez tibbiy yordam”, “Laboratoriya”, Yurak-qon tomir kasalliklari elektron reyestri, “Kadrlarni qayd qilish”, “Vaksina logistikasini boshqarish”, “Order”, “Emlash” va “Xatlov” kabi elektron tizimlardan foydalanilmoqda.


