O‘zgidrometning yangilangan prognoziga ko‘ra, avvalroq 24 noyabrda pasayishi aytilgan havodagi xavfli inversiya jarayoni hali davom etadi va kelasi haftaning oxirigacha, ya’ni noyabr oyining yakunigacha saqlanib qoladi. Bu holat shaharlardagi tumanni “qamab”, ifloslanish darajasini yuqoriligicha ushlab turmoqda.
Mutaxassislar havo sifatining yomonlashuviga bir vaqtning o‘zida bir nechta tabiiy omillar — harorat inversiyasi, yog‘ingarchilikning yo‘qligi va qurg‘oqchilik sabab bo‘layotganini qayd etdi. Haroratning keskin o‘zgarishi havo qatlamlarining aralashishiga to‘sqinlik qilgani bois PM2.5 kabi mayda zarrachalar atmosferada to‘planmoqda. 23 noyabr kuni Toshkentda PM2.5 me’yordan 3 baravar yuqori bo‘lgani qayd etildi.
Agentlikka ko‘ra, kuzatilayotgan vaziyat tabiiy va mavsumiy bo‘lib, u havo massalari almashganda, shamol kuchayganda yoki yog‘ingarchilik kuzatilgandagina yumshashni boshlaydi. Shu kunlarda havo sifati kun davomida keskin o‘zgarishi, ba’zi paytlarda esa xavfli darajada qolishi mumkin.
O‘zgidromet aholiga ehtiyot choralarini kuchaytirishni tavsiya qildi: ochiq havoda uzoq vaqt qolmaslik, imkon qadar tashqi faoliyatni qisqartirish va tashqariga chiqqanda niqob taqish tavsiya etiladi.


