Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tashabbusi bilan yo‘lga qo‘yilgan mazkur loyiha hozircha “Toshkent tajribasi” sifatida amalga oshirilmoqda. Unda poytaxtdagi umumta’lim maktablarining qariyb 40 ming nafar 11-sinf bitiruvchisi qamrab olinishi rejalashtirilgan.
Loyiha doirasida o‘quvchilar avvalo diagnostik test orqali baholanadi. Natijalarga ko‘ra, ularning xorijiy tilni o‘zlashtirish darajasi aniqlanib, bilimiga mos guruhlarda o‘qitish tizimi joriy etiladi. Ayni paytda, 23–25 dekabr kunlari Toshkent shahridagi maktablarda ushbu test sinovlari o‘tkazilmoqda.
Mashg‘ulotlar bepul va intensiv tarzda olib borilib, xorijiy tajribalar asosida tashkil etiladi. Shuningdek, darslardan tashqari speaking club’lar, amaliy muloqot mashg‘ulotlari va oraliq baholashlar ham yo‘lga qo‘yiladi.
Loyiha doirasida bitiruvchilar bevosita xorijlik o‘qituvchilardan ta’lim olish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Mashg‘ulotlar xorijiy mutaxassislar bilan bir qatorda malakali mahalliy pedagoglar tomonidan olib boriladi.
Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi matbuot kotibi Dilfuza Sobirovaning ta’kidlashicha, mazkur loyiha hozircha Toshkent shahrida 11-sinflar o‘rtasida sinov tariqasida o‘tkazilmoqda.
“Bu sertifikatlash, baholash va o‘qitishni qamrab olgan yagona loyiha hisoblanadi. Keyinchalik ushbu loyiha 10-sinflarda ham joriy etiladi. Kelgusi yildan boshlab esa loyiha viloyatlarda ham keng miqyosda tatbiq qilinadi”, — deydi vazirlik matbuot kotibi.
Ma’lumot o‘rnida aytish joiz, Prezidentning 2023-yil 11-sentabrdagi PQ–300-son qaroriga muvofiq, umumiy o‘rta ta’lim muassasalariga xorijiy mutaxassislar jalb etilishi belgilangan. Bugungi kunga qadar respublika bo‘ylab 1 500 nafarga yaqin xorijiy mutaxassis ta’lim jarayoniga jalb etilgan.
Natijada xorijiy til bo‘yicha sertifikatga ega ustozlar va o‘quvchilar soni so‘nggi yillarda bir necha barobarga oshib, mazkur loyiha ta’lim sifatini yangi bosqichga olib chiqishi kutilmoqda.


