Xalqaro standartlarga javob beradigan yuqori malakali yuridik kadrlarni tayyorlash, yuridik ta’lim, ilm-fan va amaliyotning uzviy bog‘liqligini ta’minlash maqsadida 2025-yil 26-noyabrda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasida yuridik ta’lim va ilm-fanni yanada isloh qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-232-sonli Farmon qabul qilindi.
Ushbu Farmon belgilab bergan bir qator ilg‘or yangiliklardan biri – bu Toshkent davlat yuridik universitetida Universitet professorlar kengashi (Senate of Professors)ni tashkil qilish bo‘ldi. Mazkur tartib-taomilning o‘rnatilishi oliy ta’lim muassasasi boshqaruvida professor-o‘qituvchilarning rolini oshirish, muhim qarorlarini qabul qilishda kollegial boshqaruvni joriy qilishga xizmat qiladi.
Oliy ta’lim muassasasi boshqaruvida Universitet professorlar kengashining faoliyati xorijiy mamlakatlarda ijobiy tajribaga ega bo‘lib, shunday tuzilmani yaratish milliy ilmiy doiralarimizda anchadan beri muhokama qilinib kelayotgan masalalardan biri edi. Professorlar kengashini joriy etishdan maqsad oliy ta’lim muassasasi boshqaruvida menejerlik modelini cheklab, akademik boshqaruvni yo‘lga qo‘yishdir.
Prezidentimizning Farmoni bilan mazkur boshqaruv organi ilk bor Toshkent davlat yuridik universitetida shakllantirilishi belgilandi.
Professor-o‘qituvchilarning oliy ta’lim tizimidagi mas’uliyati va ta’sirini oshirish maqsadida Farmon bilan Universitet professorlar kengashiga quyidagi vakolatlar berildi:
- Universitetni uzoq va o‘rta muddatli strategik rivojlantirish dasturini tasdiqlash;
- xalqaro e’tirof etilgan tashkilotlar reytingining yuqori o‘rinlaridan joy olish bo‘yicha maqsadli choralarni belgilash;
- huquq sohasidagi dolzarb ilmiy tadqiqotlarning, ilm-fanni rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlarini belgilash;
- akademik halollik va tadqiqot etikasi standartlarini tasdiqlash;
- vakolatlari doirasidagi masalalarni ko‘rib chiqish uchun o‘z tarkibida qo‘mitalar tuzish va ularning a’zolarini saylash.
Mazkur huquqiy norma o‘ta muhim ahamiyatga ega. Zero, davlat oliy ta’lim muassalarining professor-o‘qituvchilari bugungi kunda muhim qarorlar qabul qilishdan chetlashtirilgan. Vaholanki, aynan professor-o‘qituvchilar ta’lim sifati va ilmiy ishlar saviyasi uchun mas’ul shaxslar bo‘lib hisoblanadilar. Yetakchi xorijiy universitetlar oliy o‘quv yurtining mustaqilligi, bandlik kafolati, akademik erkinlik va oliy o‘quv yurti ichki demokratiyasi tamoyillari asosida faoliyat yuritadilar.
Masalan, Finlyandiyaning Xelsinki universitetida universitet siyosati, akademik mustaqillik va fanlararo hamkorlikni muhokama qilish va rivojlantirishda ishtirok etadigan professorlardan tashkil topgan akademik organ - Oliy Senat (Great Senate) mavjud.
Fransiya davlatining Ta’lim kodeksida oliy ta’lim muassasasida tashkil etiladigan hamda o‘z tarkibiga ikkita - Ilmiy tadqiqotlar komissiyasi hamda Ta’lim va universitet hayoti komissiyasini olgan Akademik kengash faoliyati qonun darajasida tartibga solingan. Mazkur komissiyalar tarikibiga ma’muriy, ilmiy xodimlar bilan birga professor-o‘qituvchilar ham kiritilib, ularning o‘rni salmoqlidir. Misol uchun, Ilmiy tadqiqotlar komissiyasining 60 dan 80 % gacha tarkibi oliy ta’lim muassasasida mehnat qilayotgan shaxslar, shulardan kamida yarmi professor-o‘qituvchilar va ilmiy tadqiqotlarga rahbarlik qilish vakolatiga ega shaxslardan shakllantiriladi.
Toshkent davlat yuridik universitetida Professorlar kengashi kamida 9 nafardan iborat bo‘lgan tajribali professor-o‘qituvchilardan tashkil etiladi. Mazkur kollegial boshqaruv organi a’zolari 5 yil muddatga saylanadi va bir shaxs ketma-ket ikki muddatdan ortiq Kengash a’zosi etib saylanishi mumkin emas. Mazkur tartib Kengash faoliyatida izchillikni saqlagan holda yangilanish va oshkoralik tamoyillarining ta’minlanishiga xizmat qiladi.
Universitet professorlar kengashi a’zoligiga saylanish uchun nomzodlar yurisprudensiya sohasining yetuk mutaxassislari, yuqori ma’naviy fazilatlarga ega, zarur bilim va amaliy tajribaga ega bo‘lgan hamda o‘z kasbiy faoliyatida yuksak natijalarga erishayotgan shaxslar bo‘lishi hamda quyida ko‘rsatilgan talablardan biriga javob berishi lozim:
- universitetda kamida 25 yillik ilmiy-pedagogik stajga ega, universitet taraqqiyotiga salmoqli hissa qo‘shgan professor-o‘qituvchilar;
- nufuzli xalqaro reyting tashkilotlarining TOP–300 ro‘yxatiga kiritilgan xorijiy oliy ta’lim muassasalarida PhD yoki unga tenglashtirilgan ilmiy darajani olgan mutaxassislar;
- davlat va jamiyat hayotining turli sohalarida katta amaliy tajribaga ega bo‘lgan hamda alohida xizmatlari bilan ajralib turgan nomzodlar (universitet rektori tavsiyasi asosida).
Saylov jarayonini tashkil qilish uchun Universitetda saylov komissiyasi shakllantirilib, u Universitet professorlar kengashi a’zoligiga nomzodlarning hujjatlarini saylovga kamida o‘n besh kun qolgunga qadar qabul qiladi.Saylov akademik sho‘balar va tadqiqot markazlari vakillarining majlisida yashirin ovoz berish yo‘li bilan o‘tkaziladi. Ushbu majlis Universitet saylov komissiyasi tomonidan chaqiriladi va unda vakillarning kamida uchdan ikki qismi ishtirok etgan taqdirda, u vakolatli hisoblanadi.
Shubhasiz, Universitet professorlar kengashining tashkil qilinishi oliy ta’lim muassasasida ichki demokratiyaning mustahkamlanishida muhim qadam bo‘lib hisoblanadi. Shu bilan birga, ta’kidlash o‘rinliki mazkur Kengash shunchaki formal tuzilma bo‘lib qolmasligi lozim. Bugungi kunda Kengash faoliyatidan kutilayotgan asosiy natijalar akademik boshqaruv (ilm-fan va ta’limning strategik yo‘nalishlarini belgilash), ilmiy boshqaruv (huquq sohasidagi sohasidagi dolzarb ilmiy tadqiqotlarning, ilm-fanni rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlarini belgilash, akademik halollik va tadqiqot etikasi standartlarini tasdiqlash) hamda xalqaro e'tirof etilgan tashkilotlar reytingida yuqori o‘rinlardan joy egallash bo‘yicha amalga oshiriladigan chora-tadbirlarni maqsadli tarzda yo‘lga qo‘yishdan iborat. Fikrimizcha, Kengashga qo‘yilayotgan har bir masala, har bir muammo atroflicha o‘rganilishi, uni hal qilishning asosiy va muqobil yo‘llari tahlil qilinishi va shundan keyingina qaror qabul qilinishi lozim. Zarur bilim, tajriba, ilmiy yondashuvlarga asoslanib qabul qilingan qarorlargina universitet hayotini yangi bosqichga ko‘tarishi mumkin.
Kengashga saylov joriy yilning 5-fevral kuni bo‘lib o‘tadi. Saylov jarayonida universitet jamoasining deyarli barcha a’zolari - professor-o‘qituvchilar, ilmiy xodimlar ishtirok etishi belgilangan. Ya’ni har bir akademik sho‘ba va tadqiqot markazidan 2 nafardan, asosiy shtatda faoliyat yurituvchi professor-o‘qituvchilar va ilmiy xodimlar orasidan vakillar shakllantiriladi va ular saylov jarayonida bevosita ishtirok etadilar.
Professorlar kengashi universitet ma’muriyati hamda ilmiy-pedagogik jamoa o‘rtasidagi manfaatlar muvozanatini ta’minlab beruvchi tuzilma bo‘lishiga tilakdoshmiz.
Sultanova Saboxat, TDYU Tadqiqot markazi ilmiy xodimi, yu.f.f.d. (PhD)


