O‘zbekistonda islomiy bank faoliyatini joriy etishga qaratilgan qonunchilik tashabbusi muhokama qilindi. Oliy Majlis Senatining navbatdagi yalpi majlisida “O‘zbekistonda islom bank faoliyatini joriy etishga qaratilgan ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Qonun ko‘rib chiqildi.
Ta’kidlanganidek, so‘nggi yillarda mamlakatda xalqaro tajribani inobatga olgan holda bank tizimini modernizatsiya qilish, moliyaviy xizmatlar sifatini oshirish va yangi bank instrumentlarini joriy etish bo‘yicha izchil islohotlar amalga oshirilmoqda. Shu jarayonda islom moliyasi tamoyillariga mos muqobil bank xizmatlarini joriy etish dolzarb masalalardan biri sifatida qayd etildi.
Mazkur Qonun bilan ikkita kodeks hamda yettita qonunga islom bank faoliyatining huquqiy asoslarini mustahkamlovchi yangi normalar kiritilmoqda. Xususan, islom bank xizmatlarini ko‘rsatish huquqini beruvchi alohida litsenziya turi joriy etilib, unga qo‘yiladigan talablar belgilandi. Mazkur litsenziya asosida banklar to‘liq islom bank faoliyatini yoki an’anaviy bank xizmatlari bilan bir qatorda islom bank xizmatlarini ham amalga oshirishi mumkin bo‘ladi.
Shuningdek, islom moliyaviy faoliyatini muvofiqlashtirish maqsadida Markaziy bank hamda islom bank xizmatlarini ko‘rsatuvchi banklarda Islom moliyaviy kengashlarini tashkil etish tartibi va ularning faoliyatiga qo‘yiladigan talablar belgilanishi nazarda tutilgan.
Bundan tashqari, islom moliyaviy operatsiyalarining o‘ziga xos jihatlarini hisobga olgan holda Soliq kodeksiga alohida bob kiritilmoqda. Unga muvofiq, islom moliyaviy faoliyatidan olinadigan daromad soliq maqsadlarida foiz daromadiga tenglashtiriladi. Shuningdek, banklar va mikromoliya tashkilotlari tomonidan mijozlarga realizatsiya qilingan tovarlar bo‘yicha ustama qiymat QQSdan ozod etilishi belgilanmoqda.
Senatorlar ushbu Qonun moliyaviy xizmatlar qamrovini kengaytirish, bank-moliya sektorida raqobatni kuchaytirish, shuningdek, yangi strategik investorlarni jalb etishga xizmat qilishini ta’kidlashdi.
Muhokamalar yakunida senatorlar Qonunni ma’qulladilar.


