O‘zbekistonda maxsus ta’lim ehtiyojlari bo‘lgan bolalar uchun inklyuziv ta’lim tizimini keng joriy etish choralari belgilandi. Adliya vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, hukumat tomonidan ushbu toifadagi bolalarning sifatli ta’lim olishini ta’minlash, ularni jamiyatga integratsiya qilish hamda individual rivojlanishini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan qaror tasdiqlandi.
Hujjatga muvofiq, Toshkent shahrida Ijtimoiy himoya milliy agentligi tarkibida Ko‘p funksiyali inklyuziv resurs markazi tashkil etiladi. Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarda esa maxsus ta’lim ehtiyojlari bo‘lgan bolalar uchun ixtisoslashtirilgan maktablar yoki internat maktablari negizida bittadan Ko‘p funksiyali inklyuziv resurs maktabi tashkil etiladi.
2026/2027 o‘quv yilidan boshlab ushbu inklyuziv markazlar tarkibida eksperimental asosda inklyuziv-tuzatish maktablari faoliyati yo‘lga qo‘yiladi. Ushbu maktablarda boshlang‘ich sinf o‘quvchilarini moslashtirish, o‘rganish va muloqot ko‘nikmalarini rivojlantirish, shuningdek individual o‘quv rejalari asosida tuzatish va qo‘shimcha mashg‘ulotlar tashkil etiladi.
Oddiy maktablardagi inklyuziv sinflarda tahsil olayotgan nogironligi bo‘lgan o‘quvchilar uchun inklyuziv markazlar asosiy darslardan tashqari fanlar, kasbiy yo‘nalishlar hamda tuzatish ishlari bo‘yicha qo‘shimcha mashg‘ulotlar o‘tkazadi.
Shuningdek, 2027-yil 1-yanvardan boshlab inklyuziv markazlar negizida davlat ta’lim muassasalarida faoliyat yuritayotgan maxsus o‘qituvchilarning bilim va ko‘nikmalarini baholash maqsadida professional sertifikatlash tizimi joriy etiladi.
2027/2028 o‘quv yilidan boshlab hududlarda inklyuziv maktablar faoliyati bosqichma-bosqich yo‘lga qo‘yilishi rejalashtirilgan.


